Vazirlik talabalarga temiryoʻl kassalaridagi navbatlar yuzasidan murojaat qildi

Saqlash
15:04 / 07.01.2022 823 0

Kecha taʼtil uzaytirilgani munosabati bilan talaba va oʻquvchilar uchun temiryoʻl chiptalarini almashtirish muddati maʼlum qilingan edi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda temiryoʻl kassalarida talabalardan iborat uzun navbatlar paydo boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ushbu holat yuzasidan talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi.

 

«Temiryoʻl chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham, 11-yanvargacha boʻlgan davrga xarid qilingan avia va temiryoʻl chiptalarini bepul tarzda almashtirib berish muddati ham 2022-yilning 24-yanvariga qadar uzaytirilganini yana bir bor eslatib oʻtamiz. Shunday ekan, aziz talabalar, hurmatli ota-onalar 24-yanvarga qadar zaxirangizda qariyb 17 kun bor.

 

Barcha talabalarning 11-yanvargacha boʻlgan davrga xarid qilingan temiryoʻl chiptalari toʻliq bepul tarzda almashtirib beriladi. Ehtiyojdan kelib chiqib, qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlar qatnovi ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, siz chiptalarni joylardagi (shahar, tuman) temiryoʻl kassalaridan ham almashtirish imkoniga egasiz. Shularni hisobga olgan holda, sizdan chipta kassalarida uzoq navbatlarda turib, vaqtingizni behudaga sarflamasligingizni soʻraymiz», deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//