Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi rahbarlari muzokara oʻtkazdi

Saqlash
13:57 / 17.06.2025 38 0

17-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin muzokara oʻtkazdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

 

Unga koʻra, muzokaralarda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqilgan.

 

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

Yetakchilar “Xitoy - Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” strategik temir yoʻli qurilishini jadallashtirish muhimligini ham qayd etdilar. Shuningdek, taʼlim, fan, turizm va madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini oʻrganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

 

Oʻtgan yili Konfutsiy instituti faoliyatining 20-yilligi nishonlandi, Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” professional taʼlim tizimi joriy etilmoqda. Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va sanʼat haftaliklarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

 

Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, SHHT, “Markaziy Osiyo - Xitoy” formati va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

 

Yakunda yetakchilar huzurida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani toʻgʻrisida bayonnoma imzolangani eʼlon qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//