“Daxlsiz haqiqatlar”, “Jahon tartiboti: xazonrezgi alomatlari”, “Alibobomi yoki Ali bob?” – “Tafakkur” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
12:06 / 27.05.2025 211 0

Asl hikmat, daxlsiz haqiqatlardan ko‘pchilik yuz o‘girgan choqda ham ahli ilm oliy maslagidan voz kechmasligi shart. “Eskilik” tamg‘asi urilsa-da, mohiyati va xosiyati eskirmas tushunchalar bor. Zero, ularni kashf etmoq, shular asosida yashamoq uchun odamzod bir qancha asrlarni bosib o‘tgan. Global axloqiy degradatsiya yoki fikriy assimilyatsiya ham ularning dolzarbligiga putur yetkazolmaydi. Insoniyat balki qay bir e’tiqod va hikmatlarni eskirdi deb e’lon qilar. Alhosil, fursat kelib, yangilik deya o‘zini urgan falsafa ish bermagani, ma’naviy va moddiy ehtiyojlar o‘rtasidagi muvozanatni tiklay olmaganiga iymon keltiradi hamda eskirdi deb hukm qilgani sahifalarni qayta varaqlamoqqa majbur bo‘ladi. Navoiyshunoslarimiz o‘z zimmalaridagi vazifalarni bajarmoqda mardonavor davom etishlari kerak. Har xil mantiqsiz savollarga javob berish yoki tiyiqsiz istaklarni izohlash kabi vazifani zimmaga olmaganmiz.” “Daxlsiz haqiqatlar” suhbatida bugun navoiyshunoslik va unga ehtiyoj, navoiyshunoslarning vazifasi, majburiyatlari, shuningdek, inson fojialari, tafakkurdagi mag‘lubiyat va inqirozlar haqida so‘z boradi. Filologiya fanlari doktori, professor Dilnavoz Yusupova bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2025-yil 2-sonida o‘qing.

 

“Aynan o‘sha – inson bag‘rida yashiringan cheksiz quvvat (bu o‘rinda gap jismoniy kuch haqida ketayotgani yo‘q) dunyoni tubdan o‘zgartira oladi. G‘arbda ratsional aqlga tayangan holda, inson qalbi, shuuridagi botiniy quvvat siqib chiqarildi. Bu ham yetmaganidek, inson miyasini mitti chiplar yordamida yanada faollashtirish bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda. Muxtasar aytsak, Hazrati Inson temirtan robot yoki shunchaki dastgoh darajasiga tushirilmoqdaki, bu vaqti kelib insoniyat boshiga falokat yog‘dirishi hech gap emas.” Yuqorida keltirilgan parcha Temur Jo‘rayevning “Jahon tartiboti: xazonrezgi alomatlari” maqolasidan olingan. Uning to‘liq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.

 

“Masalaning qiziq jihati shundaki, AQSh va Xitoy qarama-qarshi qutbdagi siyosiy tuzumlarning yalovbardorlari bo‘lgani bois SI sohasidagi muvaffaqiyat ular tamsil etgan mafkuraning ustunligi sifatida talqin qilinishi mumkin. Xitoy texnologiyalar borasida qat’iy davlat boshqaruvi va nazoratiga tayanadi, Amerikada esa buning aksi. Okeanortida asosan xususiy kompaniyalar, startap jamoalar SI bo‘yicha yirik natijalarga erishmoqda. Demak, bu ikki yirik davlatning texnologiyalar sohasidagi raqobati bir vaqtning o‘zida mafkuralar to‘qnashuvi hamdir.” Jurnalning “Yangi asr muammolari” ruknida Avazbek Shermatovning “Sun’iy idrok: axloq sarhadlari buzilganda” maqolasini o‘qiysiz. Unda texnologiyaning insoniyatga taqdim etgan imkoniyatlari va yaratgan muammolarini boshqarish haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Afsonalarga chulg‘angan Afrosiyob” (Anvar Yusupov), “Alomatfe’l allomalar” (Abdulla A’zam) maqolalari, “Osmoni falaklarda” (Xayriddin Sulton) hikoyasi, “Toshoyna – tomosha oyna” (Mixail Jivaniskiy) iqtoboslari hamda “So‘zsiz hikoyalar” (Nasrullo Ergash), “O‘rgimchak iniga xush kelibsiz” (Shahnoza Rahman) mutolaasi o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Hayot-mamot masalasi” (Nodira Abdunazarova), “Urushda g‘olib bo‘lmas” (Habibullo Rajabov), “Sohibqiron bitgan maktublar” (Shahlo Rahmon), “Evrilish mo‘jizalari” (Go‘zal Ramazonova) maqolalari e’lon qilingan.

 

“Tafakkur” tabassumi” ruknida Mixail Jvaneskiyning “Har birimizning qonimizda bir daho uxlarmish. Kundan-kun battar dong qotib...” fikri keltirilgan. Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur” mutolaasi bilan qoningizdagi dahoni uxlamaslikka ilhomlantiring!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//