Farzandlar erkak va ayol rollarini qanday tushunadi? (tadqiqot)

Saqlash
17:14 / 26.05.2025 203 0

Xitoylik olimlar ota-onalar farzandlariga gender rollarni qanday singdirishi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.

 

Eksperimentning asosiy g‘oyasi:

▪️ ota-onalarning genderga oid tarbiya uslublari (ayollik va erkaklik tarbiyasi) farzandlarining hayotga moslashib ketishiga qanchalik ta’sir qilishini o‘rganish;

 

▪️ tarbiya uslublari bo‘yicha to‘liq va noto‘liq (ajrashgan oila) oila farzandlarida farq bor yoki yo‘qligini aniqlash edi.

 

Ma’lumot uchun, ba’zi ota-onalar “O‘g‘il bola qanday bo‘lishi kerak?” “Qiz bola qanday bo‘lishi shart?” kabi stereotipli fikrda bo‘lishadi.

 

Ayrimlar esa “qiz ham, o‘g‘il ham bir xil huquqlarga ega”, deb tenglikka asoslangan tarbiya usulini qo‘llaydi. Tadqiqotda aynan mana shu qarashlarning qaysi biri to‘g‘ri ekanligiga oydinlik kiritilgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, bolaning maktabda, do‘stlar orasida, jamiyatda o‘zini tutishi ota-onasining gender tengligiga qanday munosabatda bo‘lishi bilan bog‘liq.

 

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, to‘liq oilalarda bu ikki tarbiya yo‘nalishi uyg‘unlashadi. Farzandlar ikkala gender ko‘nikmasini ham qabul qiladi va ota-onalarga bo‘lgan ishonch, identifikatsiya kuchayadi.

 

Bu esa ijtimoiy muhitda erkin muloqot qilish, do‘stona munosabatlar o‘rnatish, konfliktlarni hal qilish kabi ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

 

Noto‘liq oilalarda, ayniqsa, onalar boshchilik qilayotgan oilalarda ayol ota rolini ham o‘z zimmasiga oladi. Shu sababli bolalarga ko‘proq "erkaklik tarbiyasi" beriladi.

 

Mazkur jarayon bolalarda kuchli bo‘lish hamda qiyinchiliklarni yengib o‘tishga tayyorgarlik hissini oshiradi.

 

Eksperimentdan olingan asosiy natijalar quyidagicha:

▪️ farzandlar ota-onalarining gender tarbiya uslubiga qarab o‘zlarining ijtimoiy ko‘nikmalarini shakllantiradi;

 

▪️ to‘liq oilalar gender rollarni uyg‘unlashtirib, bolalarni har tomonlama rivojlantiradi.

 

▪️ noto‘liq oilalarda esa bolalar "erkaklik tarbiyasi" orqali o‘zlariga ishonchni oshiradi va mustaqil bo‘lishadi.

 

Xulosa qilib aytganda, ota-onaning gender rollariga nisbatan qanday qarashda bo‘lishi va bola ularning fikrini qanchalik qabul qilishi bolaning jamiyatda qanday odam bo‘lib ulg‘ayishiga bevosita ta’sir qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//