“Aqliy salohiyat irsiy merosga emas, imkoniyatga bogʻliq” – Tadqiqot

Saqlash
16:04 / 20.05.2025 128 0

Richard Nisbettning “Intellekt nima va uni qanday qilib rivojlantirish mumkin?” kitobida kambagʻal oilalarda oʻsayotgan bolalarning aqliy salohiyatini qanday qilib rivojlantirish toʻgʻrisida juda koʻp maʼlumotlar berilgan

 

Mutaxassis izlanishlari davomida insonning aql-zakovati (yaʼni IQ'si) bu tugʻma va oʻzgarmas narsa emas, balki muhit, taʼlim-tarbiya va jamiyatdagi imkoniyatlarga kuchli bogʻliq boʻlgan, shakllanuvchi va oʻzgaruvchan sifat degan xulosaga kelgan.

 

Ushbu asarda muallif shunday fikrni ilgari suradi:

 

Biz koʻp hollarda aqlni nasldan naslga oʻtadigan, genetik meros deb qabul qilamiz, lekin bu notoʻgʻri. Albatta, genetik omillar muhim, lekin ular yagona belgilovchi emas. Bolaning atrof-muhiti, ayniqsa dastlabki uch yil ichidagi tajribalari, u oladigan eʼtibor, mehr, tildagi boylik, taʼlim sifati — bularning barchasi uning intellektual rivojlanishiga bevosita taʼsir qiladi.

 

Nisbett bir qancha ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda quyidagilarni koʻrsatib oʻtadi:

 

Qashshoqlikda yashayotgan bolalar oʻzlarining potensial intellektual imkoniyatlariga erisha olmaydi, chunki ular koʻp hollarda salbiy muhitda oʻsadi. Bunda ota-onaning bilim darajasi past boʻladi, farzand bilan muloqot yetarli boʻlmaydi, stress doimiy holga aylanadi, ovqatlanish yomon boʻladi va sifatli taʼlim olish imkoniyati cheklangan boʻladi.

 

Qashshoqlik bu yerda shunchaki iqtisodiy masala emas, aksincha u bolaning biologiyasiga ham taʼsir koʻrsatadigan muhitdir. Nisbett oʻz kitobida shuni isbotlaydiki, surunkali stress ostida yashovchi bolalarda miya rivojlanishi susayadi, ayniqsa oʻrganish va eʼtibor bilan bogʻliq sohalar zarar koʻradi. Bu esa, oʻz navbatida, bola maktabga borganda uni tengdoshlari bilan teng sharoitda oʻrganishdan mahrum qiladi.

 

Kitobda, shuningdek, baʼzi mamlakatlarda olib borilgan ijtimoiy siyosatlar ham misol tariqasida keltirilgan. Misol uchun, agar bolalarga erta yoshdan boshlab ragʻbatlantiruvchi muhit yaratilsa, masalan, boy til muhitida oʻstirilsa, ota-onalar bolani kitobga qiziqtirsa, sifatli taʼlim va oʻqituvchilar bilan taʼminlansa — unda IQ sezilarli darajada oshadi. Yaʼni, ularning aqlini “oʻstirish” mumkin. Bu faqat nazariya emas, amaliyotda ham isbotlangan.

 

Nisbett IQ bu ijtimoiy adolat masalasi ekanini taʼkidlaydi. Intellektni yaxshilash orqali jamiyatda koʻplab muammolar — jinoyatchilik, ishsizlik, kasalliklar va kambagʻallikning avloddan avlodga oʻtishi kabilarni kamaytirish mumkin. Shu oʻrinda maʼlum boʻladiki, yosh avlodning IQ darajasini oshirish faqat alohida shaxsning emas, balki butun jamiyatning taraqqiyoti bilan bogʻliq.

 

Umuman olganda, bu kitob juda muhim va ishonchli bir fikrni ilgari suradi:

 

“Intellekt bu tabiiy berilgan doimiy raqam emas, balki biz qanday yashaymiz, qanday sharoitda oʻsamiz va qanday imkoniyatlarga egamiz — shular orqali shakllanuvchi va rivojlanuvchi xususiyatdir.”

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//