“Biz har qanday vaziyatda ham yurtimizni himoya qilishga ham maʼnan, ham ruhan tayyor turishimiz kerak” – Otabek Hasanov

Saqlash
13:22 / 17.05.2025 56 0

16-may kuni “Millat fidoyilari” xiyobonida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Mudofaa vazirligi, Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda ijodkor ziyolilar anjumani oʻtkazildi.

 

 

Xabaringiz bor, 8-may kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtda joylashgan Gʻalaba bogʻidagi “Millat fidoyilari” xiyoboniga tashrif buyurib, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar hamda huquq-tartibot idoralari xodimlarining oila aʼzolari bilan suhbatlashgandi. Suhbatda Prezident ularga cheksiz hurmatini izhor etib, qahramonlar xalq yodida ekani va ularning nomlari abadiyligi timsoli sifatida mazkur majmua bunyod yetilganini taʼkidlab oʻtgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, “Millat fidoyilari” xiyoboni mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yoʻlida halok boʻlgan 196 nafar harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan.

 

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat namoyondalari, elimiz suygan kino ijodkorlar, olimlar va harbiy xizmatchilar, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari ishtirokidagi tadbir avvalida “Millat fidoyilari” yodgorlik majmuasiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi.

 

 

Gʻalaba bogʻi hududida ona yurt qalqonlari sharafiga barpo etilgan yana bir tarixiy yodgorlik – “Millat fidoyilari” majmuasi yuzlab marhum harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining nomlari zarhal harflar bilan tarixga muhrlab qoʻyildi.

 

Majmuaga bayrogʻimizdagi yarim oy moʻjaz amfiteatr shakli koʻrk bagʻishlagan. Uning tepasidan poklik ramzi – shaffof suv oqib turadi. Oyning orqa tarafidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi yuksak did bilan uygʻunlashtirilgan. Uning markazida farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi gavdalantirilgan. Ikki yonida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oliy sud va prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya kabi tuzilmalar xizmatchilari siymosi aks ettirilgan. Ahamiyatlisi, ular yaqin oʻtmishda yashab oʻtganliklari uchun ularning haykallari oʻzlarining mavjud rasmlari asosida yaratilgan.

 

 

Aytish mumkinki, poytaxt hududida barpo etilgan mazkur majmua bugun yurtdoshlarimizning kelib dam oladigan, ona vatan uchun jonini fido qilgan millatimiz qahramonlarini yodga oladigan maʼnaviyat maskaniga aylandi.

 

Tadbirning ikkinchi qismida ziyolilar ishtirokida anjuman oʻtkazildi. Unda Markaz rahbari Otabek Hasanov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev va boshqalar Oʻzbekistonning yaqin tarixida ham millat uchun, xalq farovonligi va tinchligi uchun jonini qurbon qilgan fidoyilar borligi, ularning nomini abadiylashtirish, qahramonligini yoshlarga yetkazish bilan bir qatorda ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirib oʻtdi.

 

 

Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov biz yashab turgan davrning har oni kishiga tinchlik qadriga yetishni, ona yurtni, millatni, xalqni sevishni talab qilayotganini taʼkidladi.

 

“Bugun millatimiz ziyolilarini bir yerga yigʻishdan ham maqsad shu. Bilmasligi, befarq-bexabarligi esa xiyonat bilan barobardir. Biz, qalam ahli ana shu haqiqatni tinimsiz uqtirib, bildirib turmogʻimiz kerak. Bu bogʻ har kuni odamlar bilan gavjum boʻlishi kerak. Odamlar bu yerga yilda bir marotaba emas, har kuni keladigan manzil boʻlishi kerak” – deya nutqida davom etdi.

 

“Shoir va adiblar, jurnalistlarning fidoyi qahramonlarimiz, ularning oilalari haqida yaratgan ijod namunalari milliy oʻzligimizni anglashga, gʻururimiz va maʼnaviyatimizni kuchaytirishga, xalqimizni yanada birlashtirishga xizmat qilishi kerak. Uchrashuv ijod ahlini, maʼnaviyat va maʼrifatga masʼullarni oʻziga birlashtirishni ham maqsad qilgan. Biz har qanday vaziyatda ham yurtimizni himoya qilishga ham maʼnan, ham ruhan tayyor turishimiz kerak. Ikkinchi jahon urushida munosib ishtirok etgan ota-bobolarimiz, mustaqillik yillarida yurt sarhadi va tinchligi yoʻlida halok boʻlgan mard hamyurtlarimizning hayot yoʻli va qahramonligini keng ommaga yetkazishimiz kerak. Bunda ijodkorlardan ular haqida sheʼrlar, hikoyalar, kino asarlar yozish talab etiladi, – deydi Otabek Hasanov.

 

Hasanov ularning “har birining hayoti dostonlarga arzigulik, roman-epopeyalarga mavzu boʻlgulik” ekanini qayd etib, ularning jasoratini bugungi va kelajak avlodlar bilishi shart va zarur, zero, bu millat oʻz qahramonlarini unutmaydi, deydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//