
Ilm-fan
13-may kuni Oʻzbekistondagi barcha prezident maktablarining PISA xalqaro tadqiqotida ishtirok etishi mumkinligi muhokamalarga sabab boʻlgandi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova xabarlarga javoban maktablar IHTT tomonidan tanlab olingani, vazirlikka koʻzboʻyamachilik emas, haqqoniy tahlil va natijalar kerakligini taʼkidlagan. Gazeta.uz PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxerga mazkur vaziyat yuzasidan muhim savollar yoʻllagan. Quyida savol va javoblar toʻliqligicha keltiriladi:
— Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi 14 ta prezident maktabi va bir qancha ixtisoslashtirilgan maktablar ushbu roʻyxatga kiritilgani rostmi?
— Ha, barcha 14 ta prezident maktabi PISAʻning standart, proporsional tanlanmasiga (sample) qoʻshimcha sifatida kiritildi.
Oʻzbekiston boʻyicha mamlakat natijalarini tayyorlashda ushbu maktablarning tanlanmadagi ulushi oshib ketgani hisobga olinadi, shu sababli tadqiqot natijalari Oʻzbekistondagi barcha oʻquvchilar holatini toʻgʻri aks ettiradi. Prezident maktablarining natijalari faqat bu maktablardagi oʻquvchilarning mamlakatdagi jami oʻquvchilar soniga nisbatan ulushiga mutanosib ravishda hisobga olinadi. Bunday yondashuv PISA tadqiqoti uchun standart boʻlib, mamlakatlar umumiy natijalarga qoʻshimcha ravishda muayyan turdagi maktablar yoki oʻquvchilar boʻyicha natijalarni tahlil qilmoqchi boʻlganda qoʻllaniladi. PISA natijalarni hisoblashda muayyan turdagi maktablar umumiy natijaga haddan tashqari katta taʼsir qilmasligi, mamlakat darajasidagi natijalar mamlakatdagi umumiy holatni aks ettirishi uchun tanlanmaga vazn berish (sampling weights) metodikasini qoʻllaydi.
Xususan, Oʻzbekiston boʻyicha tadqiqotlarda mamlakat hududi urbanizatsiya darajasi boʻyicha 27 ta guruhga (strataga) boʻlib olingan, shundan kelib chiqib PISA oʻquvchilarni tanlashda avval ushbu 27 guruhda qancha maktab/oʻquvchi boʻlsa, shunga proporsional ravishda ulush ajratgan. Keyin esa 14 ta prezident maktabi qoʻshimcha guruh sifatida alohida kiritilgan. Ixtisoslashtirilgan maktablarga kelsak, maktablarning ixtisoslashuvi alohida guruhga boʻlish uchun mezon qilib olinmagan, lekin har bir guruh ichida qoʻshimcha mezon sifatida olingan.
— Bu maktablar oʻquvchilari tadqiqot doirasidagi sinovlarda ishtirok etayotgani reprezentativlik jihatidan qanchalik toʻgʻri?
— Oʻzbekiston tomoni ushbu muassasalarning taʼlim natijalari toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlish uchun 14 ta prezident maktabini ham kiritishni soʻragan.
Ular mutanosiblik (propotsionallik) tamoyili asosida olingan tanlanmaga qoʻshimcha tarzda kiritilgan, shuning uchun standart PISA tanlanmasi natijalarini buzmaydi va faqat oʻzlarining nomidan ishtirok etadi. Ularning oʻzi alohida guruh sifatida olingan boʻlib, har qanday tahlil uchun PISA tanlanmasining qolgan qismidan osongina ajratib olinishi mumkin.
— Oʻquvchilar intensiv tayyorgarlikdan oʻtadigan va oʻquv dasturlari oddiy maktablardan farq qiladigan prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarini PISA tadqiqotiga jalb qilish tadqiqotning ishonchliligiga qanday taʼsir qiladi?
— Prezident maktablarining tadqiqot tanlanmasidagi ulushi oshib ketgan boʻlsa ham, bu aynan shu maktablar samaradorligi haqida qoʻshimcha maʼlumotlar olish maqsadida qilingan va Oʻzbekiston boʻyicha umumiy natijalarda prezident maktablari haddan ortiq vaznga ega boʻlmaydi.
Xususan, maʼlumotlar tahlil uchun tayyor boʻlganda, tanlanmadagi barcha oʻquvchilarga ularning mamlakatdagi umumiy oʻquvchilar sonidagi ulushiga mutanosib ravishda vazn beriladi. Bu esa natijalar Oʻzbekistondagi PISA tadqiqotlarida qatnashish talablariga mos keluvchi barcha oʻquvchilarni toʻgʻri aks ettirishini taʼminlaydi.
Jamiyat
Jahon
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q