Endi o‘zbekistonliklar Xitoyga vizasiz borishi mumkin

Saqlash
18:03 / 13.05.2025 57 0

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi, deb xabar berdi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

 

Koʻrsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, Bitim 2025-yil 1-iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.

 

Xabarga koʻra, hujjat fuqarolarning ikki davlat hududiga oʻzaro vizasiz safarlar qilishi mumkinligini asoslaydi.

 

Bitimga muvofiq, fuqarolar ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida boʻlish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq boʻlmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.

 

Taʼkidlanishicha, safar qiluvchilarning davlatlar hududiga har bir kirish va boʻlish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.

 

Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak boʻlsa, kirish vizasini oldindan olishlari lozim.

 

Vizasiz rejim mehnat, oʻqish va media faoliyati bilan shugʻullanish, shuningdek, boshqa vakolatli organlarning oldindan roziligini talab qiladigan oʻzga turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Koʻrsatilgan Bitim XXRning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.

 

“Koʻrsatib oʻtilgan xalqaro shartnomaning toʻliq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//