Oʻzbekistonda “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etiladi
Siyosat
“Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida” gi Prezident farmoni [PF-77-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Farmonga koʻra, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tashkil etildi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasining asosiy vazifalari quyidagilar belgilandi:
- professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganib borish;
- nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yoʻnaltirish;
- stipendiatlarning Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart sharoitlar yaratish hamda ularni qoʻllab quvvatlash boʻyicha takliflar kiritish;
- mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:
- vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari orasidan maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi;
- stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati buyurtmachilar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan belgilanadi;
- maqsadli stajirovkaga yuboriladigan mutaxassislarning stajirovka oʻtashda zarur boʻladigan xorijiy tilni oʻrganishi uchun vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan tegishli sharoitlar yaratib beriladi.
Farmonga koʻra, bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun eng munosib nomzodlarni saralash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etiladi:
- “El-yurt umidi” stipendiyasi gʻoliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat oʻtkazish orqali aniqlanadi;
- test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Bakalavriat boʻyicha hamda magistratura va doktorantura boʻyicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga koʻra:
- birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) toʻliq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
- birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
- birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.
Izoh yo‘q