Vazirlar Mahkamasi binosi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilishi mumkin

Saqlash
17:48 / 11.05.2025 229 0

Toshkentdagi Mustaqillik maydoni ko‘chasida joylashgan Vazirlar Mahkamasi binosi madaniy meros obyektlar ro‘yxatiga kiritilishi kutilmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida rejalashtirilgan.

 

Hujjat hukumatning 2019-yil 4-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, Mustaqillik maydoni ko‘chasida joylashgan Vazirlar Mahkamasi binosini ham ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutilmoqda.

 

Ro‘yxatga yana 130 ga yaqin obyektlarni kiritish rejalashtirilgan. Ular orasida masjidlar, muzeylar va turar joy binolari ham bor. Toshkent shahri Shota Rustaveli, Beshyog‘och ko‘chalaridagi qator uylar, San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti binosi, Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi binolar majmusini Arxitektura yodgorliklari pozitsiyasida ro‘yxatga kiritilishi kutilmoqda.

 

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston xalqining umummilliy boyligi hisoblanadigan moddiy madaniy merosini muhofaza qilish, asrash va ulardan foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, yodgorliklarini tartibga solish, ro‘yxatini shakllantirish, tarixiyligini saqlash hamda ularni ahamiyatini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan. Ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi 23-maygacha davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//