
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurib, xotira marosimida ishtirok etdi.
Bogʻ boʻylab mungli kuy taraldi. Bogʻ bugungidek bayram kunlarida, ayniqsa, gavjum boʻladi.
Soʻnggi yillarda shakllangan anʻanaga muvofiq, davlat rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qoʻydi. Bu muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yoʻqotishlarning ifodasidir.
Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda oʻsha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok boʻlgan, 158 ming nafari bedarak yoʻqolgan, 50 mingdan ortigʻi konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok boʻlgan, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytgan.
Oʻzbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston urush yillarida frontning mustahkam taʻminot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. Gʻoyat ogʻir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan koʻchirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo boʻlgan 250 ming nafar yetim bolani oʻz bagʻriga olib, mehr koʻrsatgan.
“Bular chinakam mardlik va qahramonlik solnomasidir. Bunday murakkab va shonli gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan matonatli xalqimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Bu qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Ayniqsa, hozirgi tahlikali zamonda buning ahamiyati nihoyatda katta. Hammamiz vatan himoyasiga har kuni tayyor boʻlishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19-fevraldagi qaroriga muvofiq, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosib nishonlanmoqda. Bugungi avlodlar tinchligi, mamlakatimiz barqarorligi uchun jon fido qilgan insonlar xotirasi hurmat bilan yodga olinmoqda. Ayni vaqtda hayot boʻlgan mehnat faxriylari va keksalarga ehtirom koʻrsatilmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qoʻydi.
Davlat rahbari bogʻda oʻrnatilgan “Xotira nuri” kompozitsiyasini ham koʻzdan kechirdi. U Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan oʻzbekistonlik qahramonlar xotirasiga bagʻishlab barpo etilgan. Monument parvoz qilayotgan ikki qush shaklida boʻlib, katta va yosh avlodlar oʻrtasidagi vorisiylikni ifodalaydi.
Asar tarixiy meros va zamonaviy sanʻatni oʻzida mujassam etgan. Unga QR-havola oʻrnatilgan boʻlib, tashrif buyuruvchilar majmua va urush qahramonlari haqida oʻqishi, “Xotira nuri” kitobini yuklab olishi mumkin.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q