Oʻzbekiston Hindiston va Pokistonni vazminlikga chaqirdi

Saqlash
09:15 / 08.05.2025 343 0

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi ziddiyatli holat boʻyicha bayonot berdi.

 

“Oʻzbekiston tomoni Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi keskinlashib borayotgan holatning rivojlanishini xavotir bilan kuzatmoqda.

 

Ikkala tomonni vazminlik koʻrsatishga, tinchlik va barqarorlik manfaatlari asosida harakat qilishga, vaziyatning yanada yomonlashishini oldini olish uchun diplomatik muloqotga ustuvor ahamiyat berishga chaqiramiz”, deyiladi xabarida.

 

TIV Oʻzbekiston vaziyatni deeskalatsiya qilish va tinch yoʻl bilan hal qilishga qaratilgan har qanday xalqaro yoki mintaqaviy harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

 

Xabarlarga koʻra, Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar urush yoqasiga kelib qolgan. Joriy yilning 22-aprel kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatidagi sayyohlar orasida mashhur boʻlgan Pahalgam shahrida qurollangan jangarilar 26 kishini oʻldirgan edi. Ushbu terakt uchun Kashmirning Pokiston nazorati ostidagi hududida joylashgan jangarilar guruhi javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.

 

Hindiston hukumati hodisa yuzasidan qisman aybni Pokistonga yuklagan. Shundan soʻng Hindiston Pokiston bilan chegarani yopgan va Pokiston fuqarolaridan mamlakatni tark etishni talab qilgan.

 

7-mayga oʻtar kechasi esa Kashmirning Pokistonga qarashli qismida portlashlar yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, yarim tundan keyin Muzaffarobod shahri atrofiga raketa zarbalari berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//