53 yil oldin kosmosga uchirilgan apparatning Oʻzbekistonga qulash ehtimoli tahlil qilindi

Saqlash
11:45 / 07.05.2025 202 0

Ijtimoiy tarmoqlarda bundan 53 yil oldin “Venera-8” missiyasi doirasida uchirilgan “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi bilan bogʻliq xabarlar koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

 

Bir qator manbalar uning geolokatsiyasi Osiyo yoki Markaziy Osiyo davlatlari hududiga toʻgʻri kelishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

 

Uzcosmos agentligi boʻlim boshligʻi Ahror Agzamov haqiqatdan ham sobiq Sovet Ittifoqining “Venera” dasturi boʻyicha “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgani(1972-yil 31-mart kuni), raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketganini tasdiqladi.

 

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, taxminiy hisob-kitoblar apparatning yerga qulashi 9-11-may kunlariga toʻgʻri kelishi mumkinligi koʻrsatmoqda.

 

“Kosmos-482”ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning Oʻzbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5% oraligʻida baholanmoqda”, deydi u.

 

Taʼkidlanishicha, apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsa-da, Veneraning ogʻir sharoitlarida qoʻnish va ishlash uchun moʻljallangan yarim tonnaga (500 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tugʻdiradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi.

 

“Parashyut borligiga qaramay, koinotda 53 yil boʻlganidan keyin u ishlamasligi mumkin. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 km.gacha yetishi kutilmoqda”, deydi agentlik boʻlim boshligʻi.

 

Boʻlaklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada boʻlmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar boʻlishi mumkin.

 

Maʼlumot uchun, sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi mazkur “Venera” dasturining soʻnggi bosqichlarida munosib ishtirok etgan. U “Venera-13 va 14” (1982) va “Vega-1 va 2” (1985) apparatlari uchun grunt olish va burgʻilash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan. Ularni sinovdan oʻtkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlogʻida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//