“Sirtqi taʻlim zamonaviy talablarga javob bermaydi” – Qoʻngʻirotboy Sharipov

Saqlash
17:15 / 01.05.2025 129 0

Oʻzbekiston Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida sirtqi taʻlim shaklini qayta koʻrib chiqish zarurligini maʻlum qildi.



Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda koʻplab talabalar oʻqishni ish bilan birga olib bormoqda va sirtqi yoki kechki boʻlimlarda tahsil olmoqda, biroq bunday shakllar “zamonaviy talablarga javob bermaydi”.



“Dunyoda boshqa yondashuvlar – masofaviy, uzaytirilgan taʻlim qoʻllanilyapti. Yaʻni talaba dasturni toʻrt yilda emas, balki besh-olti yilda, oʻzi uchun qulay boʻlgan surʻatda, fanlar va oʻqish yillarini tanlagan holda oʻtashi mumkin”, – dedi vazir.



Uning taʻkidlashicha, kadrlar tayyorlash tizimi bozor talablariga mos boʻlishi kerak.



Qoʻngʻirboy Sharipov, shuningdek, oʻtgan yili prezident mamlakat sanoatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun muhandis kadrlarni, ayniqsa yoshlar orasida tayyorlash vazifasini qoʻyganini eslatdi.



Shu munosabat bilan aprel oyi “Muhandislik oyligi” deb eʻlon qilindi. Uning doirasida uchta – “Eng yaxshi gʻoya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovi oʻtkaziladi. Unda talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan oʻqituvchilar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi mumkin.



Gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalarga ega boʻladi:



birinchi oʻrin uchun – 9 ta elektromobil;


ikkinchi oʻrin uchun – rivojlangan mamlakatlarda (Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqalar) amaliyot oʻtash;


uchinchi oʻrin uchun – BHMning 100 baravari (37,5 mln soʻm) miqdorida mukofot.


Vazirning soʻzlariga koʻra, tanlovga 2000 ga yaqin loyiha topshirilgan boʻlib, ulardan 67 tasi allaqachon ishlab chiqarishga joriy etilgan va ishtirokchilarning umumiy soni 5 mingdan oshgan.



Sirtqi taʻlimni masofaviy taʻlimga oʻtkazish masalasi soʻnggi besh yil davomida muhokama qilinmoqda. 2020-yilda Oliy taʻlim vazirligining sobiq rahbari Inomjon Majidov sirtqi taʻlim 100 foiz, kechki taʻlim 50 foiz masofaviy boʻlishini taʻkidlagandi. Bu haqda 2023-yilda vazirlik boshqarma boshligʻi Abduvali Xoliqov ham maʻlum qilgandi.
 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//