
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Hozirgi iqtisodiy ravnaq tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham koʻpaymoqda. Lekin Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga toʻla javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi, xolos. Bu esa qatnovlarni koʻpaytirish imkonidan mahrum qilmoqda. Shuning uchun bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish koʻzda tutilgan.
Tashrif chogʻida davlat rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.
Bu borada 2024-yil 1-avgustda eʼlon qilingan ochiq tender ikki bosqichda oʻtkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi. Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi gʻolib deb topildi.
Prezident ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sigʻimi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turishi, servis boʻyicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti boʻlishini taʼkidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini maʼlum qildi.
Davlat rahbari bunday ilgʻor kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini taʼkidlab, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha fikrlarini bildirdi.
“Xorazmda koʻplab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, oʻzaro manfaatli boʻladi, daromad koʻpayadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni koʻpaytirish boʻyicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis boʻyicha Koreya tajribasini oʻrganish, mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSH dollari boʻlib, uning doirasida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yoʻlovchi va yuk terminallari qurish, “ICAO” talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari oʻrnatish, maxsus texnikalar xarid qilish koʻzda tutilgan.
Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega boʻladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvati yaratiladi.
Bunday zamonaviy infratuzilma orqali Xorazm aeroporti eng qulay yoʻnalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda Oʼzbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
Prezidentga boʻlajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Shavkat Mirziyoyev uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Shu yerda davlat rahbari jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot koʻrsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish oʻrinlari ochib, odamlarning daromadini koʻpaytirish ekani taʼkidlandi.
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q