
Ilm-fan
Uorren Farrell va Jon Grey kabi olimlar oʻzlarining mashhur “The Boy Crisis” kitobida bugungi rivojlangan jamiyatlarda oʻgʻil bolalar toʻrtta asosiy muammo — taʼlim, ruhiy-jismoniy salomatlik, otalikdan mahrumlik va maqsad “boʻshligʻi” — boʻyicha qizlardan orqada qolayotganini tadqiqotlarga tayangan holda (global statistika, klinik tadqiqotlar va real hayot misollari bilan) koʻrsatib berdi.
Taʼkidlanishicha, bugungi global jamiyatda erkaklar, ayniqsa, oʻgʻil bolalar, bir qator muhim sohalar(taʼlim, oilaviy aloqalar, ruhiy sogʻlomlik, mehnat bozori va ijtimoiy bogʻlanish)da ortda qolayotgani kuzatilmoqda. Bu holat “erkaklar inqirozi” yoki “oʻgʻil bolalar inqirozi” deb nomlanib, tobora jiddiy ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda.
Buning asosiy sabablari otasiz oilalarning koʻpayishi, oʻgʻil bolalarning oʻquv koʻrsatkichlari pasayishi, erkaklar orasida oʻz joniga qasd qilish koʻrsatkichlarining yuqoriligi, hayotiy maqsadlarning yoʻqligi, raqamli texnologiyalarga haddan tashqari bogʻlanib qolishi va doʻstlik aloqalarining kamayishi kabilardir. Mazkur omillar erkaklarning jamiyatda tutgan mavqega salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, taʼlim sohasida global miqyosda oʻgʻil bolalarning oʻqish, matematika va fan sohalarida minimal savodxonlikka erishish imkoniyati qizlarga nisbatan 50 foiz past. PISA-2022 natijalariga koʻra, 81 mamlakatning 79 tasida qizlar oʻqish savodxonligida oʻgʻil bolalardan sezilarli darajada yuqori natijalar koʻrsatgan.
Oʻgʻil bolalar oʻqishni “qizlar ishi” deb hisoblab, bu faoliyatdan chetlanmoqda. Bundan tashqari, maktablarda erkak oʻqituvchilarning kamligi oʻgʻil bolalar uchun ijobiy namunalar yetishmasligiga olib kelmoqda.
Ruhiy salomatlik sohasida ham tashvishli holatlar kuzatilmoqda. Masalan, oʻsmirlik davrida oʻgʻil bolalar orasida oʻz joniga qasd qilish koʻrsatkichlari qizlarga nisbatan 6 baravar yuqori boʻlib, otasiz oʻsayotgan bolalarda ADHD(xulq-atvor va aqliy rivojlanishning buzilishi), depressiya, giyohvandlik va turli qaramliklar (ayniqsa videooʻyin va qimor) koʻproq uchramoqda.
Zamonaviy jamiyatda erkaklar uchun anʼanaviy “himoyachi va taʼminotchi” rolining zaiflashishi ham jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. Koʻplab oʻgʻil bolalar oʻz shaxsiyatini shakllantirish va hayotiy maqsadlarini belgilashda qiynalyapti. Ular kim boʻlishi va hayotda qanday oʻrin tutishi kerakligini aniq bilolmayapti.
Kitob mualliflari teng vasiylik (joint custody) siyosatini ragʻbatlantirish, otalarning “Father Warrior” rolini ijtimoiy eʼtirof etish, ota-onalik vazifalarini ota-onalarga oʻrgatish (“dad-style” vs. “mom-style”), PISA va boshqa testlarda orqada qolayotgan oʻgʻil bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun raqobat, jismoniy faoliyat hamda jamoaviy musobaqaga asoslangan pedagogika tizimini yoʻlga qoʻyish, “qahramonlik intellekti”ni (oilani himoya qilish, jamoaga xizmat qilish) zamonaviy faoliyatlarga bogʻlash (STEM, ijtimoiy tadbirkorlik, koʻngillilik, ruhiy salomatlik va profilaktika ishlarni yoʻlga quyish jumladan oʻgʻil bolalarda maqsad va motivatsiyani monitoring qilish), “Father Figure Club” kabi tashabbuslarni amalga oshirish, oʻgʻil bolalar ruhiy salomatligi uchun sport-psixologik markazlar, shuningdek, otalikni oʻqitish (dadsʼ training) dasturlarini joriy etishni tavsiya qilmoqda.
Jahon
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q