“Til va adabiyot taʼlimi” jurnalining maxsus soni taqdimoti boʻlib oʻtdi

Saqlash
17:13 / 25.04.2025 94 0

Yangi Oʻzbekiston universitetida “Til va adabiyot taʼlimi” jurnalining maxsus soni taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼul xodimlari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, nashriyot-matbaa sohasi mutaxassislari, “Yilning eng yaxshi materiali” tanlovi gʻolib va sovrindorlari, OAV vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etishdi.

 

 

1958-yilda ilk bor rus tilida nashr qilingan jurnalda bugun oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi materiallarni oʻqishingiz mumkin. Jurnalning keng jamoatchilikka taqdim etilayotgan maxsus sonidan “Oʻrtoq turkiy alifbo: oʻzbek yozuviga taʼsiri qanday boʻladi?”, “Navoiyni oʻqi(ma)gan bolalar”, “Kitoblik muallimning siri nimada?”, “Qoʻlingdan kelguncha chiqar yaxshi ot”, “Elbek tuzgan soʻzlik”, “Saddi Iskandariy” dostonida forsiy izofali konstruksiyalar”, “Samarqand” gazetasi xalqning koʻzini ochishga bois boʻldi” singari yangi va boshqa joyda topib boʻlmaydigan maqolalarni oʻqishingiz mumkin.

 

 

Yangicha dizayn, yangicha shakl va milliy ruhda nashr qilingan jurnalga, shuningdek, “Shoir kim?” rukni ham kiritilgan boʻlib, unda xalqning haqqoniy shoirlari, yozuvchilari, oʻqituvchilari – ziyolilari haqida maxsus maqolalar berib borilishi koʻzda tutilgan.

 

Tadbirda soʻzga chiqqanlar jurnaldagi ushbu yangicha ruh bardavom boʻlishi, xalqimizga, oʻquvchilarga manfaatli boʻlishi borasidagi fikrlar-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

 

 

Taqdimot davomida jurnal tomonidan oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi materiali” tanlovi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tanlov gʻoliblari va sovrindorlariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Jurnal masʼullarining soʻzlariga koʻra, nashr bundan soʻng ham turli tanlovlar eʼlon qilib, eng yaxshi material egalarini munosib ragʻbatlantirib boradi.

 

 

Yakunda “Shoir kim” ruknining ilk qahramoni – Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning imzo vaqti oʻtkazildi.

 

 

Jurnalning yangi nashrlari nafaqat ziyolilar, sohadagi oʻqituvchi va oʻquvchilarga, balki keng jamoatchilikka, xalqimizga yetib borsin va sevimli nashriga aylansin. Zero, jurnal bosh muharriri Farrux Jabborov aytganidek, “Til va adabiyot taʼlim bilan tirik!”

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//