
Madaniyat
“Bugungi yoshlar bilan hamqadam, hamnafas bo‘lgim, rejalarini yaxshilab anglagim keladi. Ular fursatni boy berib qo‘ymasliklarini juda istayman. Odam vaqtga juda qattiq bog‘langan. Million-million rishtalar bilan chambarchas bog‘langan. Vaqt shakllantiradi: qiyofani ham, qalbni ham. Aqlli odam vaqtni boy bermaydi. Vaqtni boy bergan hech qachon aqlli bo‘lmaydi. Har kim o‘ziga savol bersin: men vaqt ichida qandayman – bormanmi, yo‘qmanmi? Bunga javob topgan doim yutuqda.” Mazkur parcha O‘zbekiston qahramoni Ibrohim G‘afurov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur ijod dardi, ijodkor shaxsiyati, milliy tafakkur, jadidlar armoni, vaqtning bahosi haqida suhbat qurgan “Mezbon bitta: u bizni kuzatadi va kutadi” maqolasidan. Maqolaning to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2025-yil 1-sonida tanishing.
“G‘ururli odam kibrli bo‘lmaydi. Chunki u o‘zgalarda ham ana shu tuyg‘u bo‘lishi kerakligini biladi va hisobga oladi. Boshqa etnoslarga past nazar bilan qarash saviyasizlikning belgisidir. Ayni vaqtda har qanday sabab bilan ham o‘ziga past nazar bilan qarash qullik psixologiyasiga moyillikdan dalolat.” Jurnalning “Men ma’naviyatchi bo‘lsam...” ruknida pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev bugungi ma’naviyatchilarning qiyofasi qanday bo‘lishi kerak va vazifasi nima degan savollarga atroflicha: yoshlar ergashayotgan “yulduz”lar, o‘zlikdan g‘ururlanish fazilati, zamonning talab-ehtiyoji tegralarida javob bergan. Professorning fikr-mulohazalari “G‘urur kibr emas...” sarlavhasi ostida e’lon qilingan.
“Insayder. Ba’zi mahalliy va xorijiy OAVda “manba” ham deyishyapti. Bu unchalik to‘g‘ri emas. O‘rischa “istochnik”ning tarjimasi. Asrlar davomida yashab kelayotgan “xufiya”ni tirsaklash adolatdan bo‘lmaydi.” “Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasida ona tilimizga kirib kelayotgan hamda o‘zlashayotgan yangi (chet) so‘zlar va ularning bisotimizdagi muqobili haqida mutaxassislarning tavsiyalari bilan tanishasiz.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Navoiy va Cho‘lpon: Ko‘k – Yer konsepti” (Suvon Meli), “Yurak qarimaydi...” (Jumanazar Beknazarov), “Arosatdagi farosat” (Anvar Boboyev), “Mangulikka o‘tgan kunlar...” (Shodmonqul Salom), “Shirdog‘ nima?” (To‘lqin Tog‘ayev) maqolalari, “Oddiylardan oddiyroq” (Mirtemir qizi Gulnora bilan) suhbati, “Juma kuni” (Qulman Ochil) hikoyasini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Bedovlar yurolmas yo‘ldan ayrilsa” (Qodir baxshi nasihatlari), “Sopol qushlar va “sms”lar (Bayram Ali), “Ona qalbining ovozi” (Abduraim Tursunov), “Tarozining ikki pallasi” (Rahmiboy Jumaniyozov), “Tarbiya hikmatdir” (Muhammad Abdullayev) mavzularida so‘z boradi.
“Ma’naviyat odamda ezgu odamiylik sifatlari borligini ko‘rsatuvchi tushuncha. Ma’naviyatga ega odam o‘ziga munosib ko‘rgan narsani birovga ham munosib ko‘radigan, o‘ziga munosib ko‘rmaganni o‘zgaga ham loyiq ko‘rmaydigan xislatlarga ega bo‘ladi. Shunday xislatlarga ega bo‘lgan odamlari ko‘proq jamiyatda odamlar bir-biriga madadkor bo‘lsa, ma’naviyatli kimsalar kamchilik jamiyatlarda odamlar bir-biriga yov bo‘ladi.” “G‘urur kibr emas...” suhbatidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot”ni mutolaa qiling, ma’naviyatli odam vazifasida bir-biringizga madadkor bo‘ling.
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q