
Ilm-fan
Toshkent davlat agrar universitetining I bosqich talabasi Oʻrolbek Umirzoqov shoʻrlangan va choʻllangan hududlarda daraxt koʻkartirishning yangi usulini kashf qildi.
Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” dasturini rivojlantirish chora-tadbirlariga oʻz hissasini qoʻshishni maqsad qilgan sirdaryolik yosh olim “Ekobasket” loyihasini taklif qilmoqda.
“Loyiha nomini oʻzbekchaga tarjima qilsak, “biologik tuvak” degan maʼnoni bildiradi. Bu loyihadan maqsad shoʻrlanib borayotgan Orol dengizini yashil makonga aylantirishdir. Bu loyihamning analoglari borligini hali eshitmaganman”, deydi u.
Mazkur usul daraxt eskish texnologiyasiga asoslangan boʻlib, koʻchatlar maxsus savatchalar yordamida ekiladi. Bu qamishdan yasalgan tuvak boʻlib, u shoʻrlangan va choʻllangan hududlarda qoʻllaniladi.
“Bilasiz, Qoraqalpogʻistonda shunday yerlar koʻp. Bunday savatlar esa yerdagi shoʻrlik, namlik va zaxlikni oʻtkazmaydi. Yaʼni u 70 foizlik filtr vazifasini bajaradi. Keyin esa savat goʻng va toza tuproq bilan toʻldiriladi. Buni aholimiz yaxshi biladi: oʻgʻit 20–30 foiz shoʻrlik va namlikni oʻtkazmaslikka yordam beradi”, deydi Umirzoqov.
U mazkur usul haqida soʻzlar ekan, bu gʻoyaning tugʻilishiga 2020-yilda Sirdaryo viloyatida sodir boʻlgan baxtsiz hodisa, yaʼni suv ombori yorilib, aholi joylashgan yerlarni suv boshini turtki boʻlganini aytadi.
“Oʻzim sardobalik boʻlganim uchun shu yerning muammolarini hal etishga harakat qilardim. Oʻshanda suv toshishi oqibatida yerlar shoʻrlana boshladi. Bunday yerdan hosil olish esa qiyin boʻladi. Shunda bu muammoni hal qilish haqida oʻylaganimizda, bobomdan eshitgan gaplarim yodimga tushdi.
Avvallari uy qurishdan oldin, yaʼni fundament uchun beton quyishdan avval qamishni yerga toʻshasharkan. Negaki, qamish shoʻrlikni oʻzida saqlab qolish xususiyatiga ega. Shu sabab men ham “Koʻchatlar ildizini shoʻrlikdan saqlash uchun qamishdan foydalansak-chi?” deb, oʻylab qoldim. Shu sabab loyiham asosida anor koʻchatlarini eka boshladik va hozirgi vaqtda yaxshi natijaga erishdik”, deydi yosh olim.
Maʼlumot uchun, Oʻrolbek Umirzoqov Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi yetakchisi, “Qishloq xoʻjaligi vaziri” stipendiati, “Erkin Shayxov” nomli stipendiya sohibi, “Mirzo Ulugʻbek vorislari” hamda “Kichik biznes sohasiga innovatsion yondashuvlar va startaplar” tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi, shuningdek, 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q