Mintaqaviy integratsiya sari: Markaziy Osiyo – Fors koʻrfazi davlatlari sammiti

Saqlash
10:47 / 18.04.2025 110 0

 

2025-yil 5-may kuni Samarqand shahri Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi rahbarlarining ikkinchi sammitiga mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman ikki mintaqa oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash va mintaqaviy integratsiya jarayonlarini mustahkamlashga qaratilgan.

 

Bu anjuman orqali ikki mintaqa mamlakatlari nafaqat hamkorlikni mustahkamlash, balki umumiy kelajak uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini namoyon etadi.

 

Xalqaro ekspertlar hamjamiyatining tahlillariga koʻra, mazkur sammit Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qator istiqbolli natijalarga zamin yaratishi mumkin.

 

Jumladan:

 

a) Yangi sarmoyalarni jalb etish, oʻzaro savdo ayirboshlash hajmini oshirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali iqtisodiy oʻsishning barqaror modelini shakllantirish;

 

b) Mintaqada zamonaviy transport yoʻnalishlari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish xalqaro bozorlar bilan chuqurroq integratsiyani taʼminlab, Markaziy Osiyoni global yuk tashish tizimining muhim boʻgʻiniga aylantirish;

 

v) Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish energetik diversifikatsiya va ekologik barqarorlikni mustahkamlashda strategik ahamiyat kasb etish;

 

g) Madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, xususan, turizm va ijodiy hamkorlik yoʻnalishlaridagi saʼy-harakatlar xalqlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, anglashuv va yaqinlik muhitini rivojlantirish.

 

Markaziy Osiyo va Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik formati 2022-yil sentyabr oyida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi bilan boshlangan. 2023-yil iyul oyida Jidda shahrida davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammit oʻtkazildi.

 

Shu oʻrinda yana bir muhim jihatni taʼkidlash joiz: bugungi kunda koʻplab davlatlar Markaziy Osiyoga alohida mamlakatlar sifatida emas, balki mintaqaviy yagona kuch sifatida murojaat qilmoqda.

 

Bu tendensiya global siyosat va iqtisodiyot sahnasida Markaziy Osiyoning oʻsib borayotgan ahamiyatini koʻrsatadi. Aynan shunday yondashuv – umumiy manfaatlar asosida barqaror va tizimli hamkorlikni rivojlantirish, mintaqa ichidagi oʻzaro integratsiyani chuqurlashtirish uchun yangi eshiklar ochadi.

 

Shunday qilib, Samarqanddagi ushbu sammit nafaqat ikki mintaqa oʻrtasidagi munosabatlar tarixida muhim burilish nuqtasiga aylanadi, balki Markaziy Osiyoning global maydondagi rolini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//