
Siyosat
15-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Sunʼiy intellektni qoʻllashda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan muhokama qilindi. Qayd etilishicha, dunyoda sunʼiy intellekt sohasini moliyalashtirish oʻsib bormoqda.
“2023-yilda bu sohaga 154 milliard dollar ajratilgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich ikki baravarga oshdi, 2030-yilga borib 10 baravar oʻsish prognoz qilinmoqda” – deydi qonun loyihasini taqdim etgan deputat Shahnoza Xolmaxmatova.
Unga koʻra, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga sunʼiy intellektni joriy etish uchun sharoitlar yaratilmoqda.
SI ishlab chiqarish, hujjat aylanishi, inson omilini kamaytirish, jinoyatchilik va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda yordam beradi. Biroq sunʼiy intellektning rivojlanishi fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini xavf ostiga qoʻyadi.
Xususan, 2024-yil davomida taniqli shaxslarning fotosuratlari va videolarini sunʼiy intellekt yordamida qalbakilashtirish 50 barobar oshgan. 2023-yilda Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlangan noqonuniy materiallarni tarqatish boʻyicha 1129 ta, 2024-yilda 3553 ta holat qayd etilgan. Fuqarolarning ishonchiga kirish uchun boshqa shaxslarning ovozlari va tasvirlaridan foydalanilgan.
Shu sababli, qonunchilikka sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslariga oid qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Unda “Sunʼiy intellekt” tushunchasiga taʼrif berilishi bilan birga, sohada davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanmoqda.
Loyihada sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qoʻyish talabi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina SIdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va SI texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanilmasligi ham oʻz aksini topmoqda. Qonun loyihasida SI texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi. Loyiha Senatga yuborilishi va qabul qilinishi uchun ikkinchi va uchinchi oʻqishda ham qabul qilinishi kerak.
Jahon
Madaniyat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q