“Yolg‘onning yonida turmaylik”, “Bobur nega Navoiyga e’tiroz qilgan?”, “Akutagava “dastro‘mol”i” – “Tafakkur” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
17:59 / 11.04.2025 304 0

Qush qanotsiz parvoz qila olmagani kabi ilm-fan ham akademik erkinliksiz taraqqiy etmaydi. Akademik erkinlik oliy ta’lim va ilmiy muassasalar xodimlari, prfessor-o‘qituvchilar hamda talabalarning tafakkur, tadqiqot hurligini anglatadi. Yanada aniqroq aytsak, olimlar, tolibi ilmlar ilmiy-ijodiy faoliyatda hokimiyat, siyosiy guruhlarning taqiq-u ta’qibidan, umuman, har qanday nazoratdan omonda bo‘lmog‘idir. Nazarimizda, nainki ilm-fan va ta’lim sohalari, balki butun jamiyat ravnaqi uchun akademik erkinlik suv bilan havodek zarur.” “Halollik maslagi, qanoat matlabi” suhbatida ilm-fanda akademik erkinlik, yurtdan chiqib ketayotgan “oltin qo‘l” va “oltin bosh”lar, mahalliychilik, shaxs sifatida yetilmaslik, ijoddagi mantiq haqida so‘z boradi. Adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2025-yil 1-sonida o‘qing.

 

“Radikalizm – psixologik terror usulidir. Radikal harakatlar insonlar ongi, ma’naviyati va dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatish orqali o‘z  maqsadini ro‘yobga chiqarishga urinadi. Turli kayfiyatdagi insonlar, ayniqsa, yoshlarni og‘dirish, ular ongini zaharlash, dunyoqarashini o‘zgartirish, davlat va jamiyatga nisbatan norozilik uyg‘otish orqali barqarorlik izdan chiqariladi.” Yuqorida keltirilgan parcha Sarvarjon G‘afurovning “G‘uluv halokatga yetaklar” maqolasidan olingan. Uning to‘liq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.

 

“XX asr dunyoda buyuk o‘zgarishlar va kashfiyotlar asri bo‘lishi bilan birga, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham xavfliroq tus olgani ila tarix sahifalaridan joy egalladi. Faylasuflarimiz XXI asr bundan-da murakkab kechishini esdan chiqarmasligi lozim. Negaki, inson qalbi va ongi uchun kurash avj olgan hozirgi davrda bir hudud yo mamlakatda paydo bo‘layotgan g‘oya, mafkuralar qisqa muddatda butun yer yuziga yoyilmoqda.” Jurnalning “Sharq-u g‘arb falsafasi” ruknida Ismatilla To‘xtarovning “Uyg‘onayotgan falsafa” maqolasini o‘qiysiz. Unda milliy meros, qadriyat, o‘tmish saboqlar va kelajakning ortga surib bo‘lmas vazifalari haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Jinoyat jazosiz qolganda” (To‘lqin Alimardon), “O‘zidan o‘zgan – tushovlarni uzgan” (Viktor Alimasov), maqolalari, “Insonga qulluq qiladurman” (Asqad Muxtor) hikoyasi, “Bedildan bir cho‘g‘ oldim” (Eshqobil Shukur) she’riy turkumi hamda “Qorga ko‘milgan sholg‘om” (Obid Qo‘ldosh) etyudlari, “So‘zdan yaralgan mo‘jizalar” (Rustam Jabbor) mutolaasi o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Taraqqiyot tilsimini izlab” (Baxtiyor Omonov), “Globallashuv: lison va inson” (Ulug‘bek Saidov), “Termiziy haqmi yo Farog‘iy” (Sherxon Qorayev), “Mehri qahridan ustun hukmdor” (Shahlo Axrorova) maqolalari e’lon qilingan.

 

Bu yil tavalludiga 150 yil to‘lgan jadid ajdodimiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Millatning taraqqiyig‘a bir necha sabablar bo‘lib, tub sababi ulamo ila ag‘niyoning hamiyat va g‘ayratlaridur...” fikri jurnalning iqtibos sahifasida keltirilgan. Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur” mutolaasi ma’naviy terrorlarga immunitetingizni mustahkamlaydi, millat taraqqiyotiga g‘ayratingizni uyg‘otadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//