Otabek Hasanov: Ziyolilar ovozi faqat konferensiyalarda emas, hamma joyda yangrab turishi kerak

Saqlash
16:42 / 26.03.2025 319 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiya ishida professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

 

 

Konferensiya avvalida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqib, inson ongi bilan ishlashda zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish, bugunning dolzarb masalalariga ta’sirchan kontentlar yaratish, ta’lim muassasalari, jumladan maktablarda axloq, tarbiya, qadriyat tushunchalarini yanada kengroq o‘rgatish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ziyolilarning o‘rni muhimligi, ularning ovozi faqat ilmiy anjumanlar, konferensiyalarda emas, hamma joyda yangrashi kerakligi, shuningdek, Markaz faoliyatida targ‘ibot masalalari, loyihalar ofisi faoliyati xususida to‘xtalib o‘tdi. 

 

 

 

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman bugungi ijtimoiy-ma’naviy muhit va targ‘ibot texnologiyalari, ma’naviyat sohasiga oid ilmiy tadqiqotlarni tahlil qilish: muammo va yechimlar, jamiyat birdamligini ta’minlaydigan omillar tahlili, xalqparvar davlat barpo etishda ijtimoiy faol fuqaroning rolini oshirish vazifalari, taraqqiyotga olib boruvchi ustuvor qadriyatlarni aholi ongiga singdirish masalalari kabi ilmiy muammolar tahliliga bag‘ishlandi. Konferensiyada yoshlarda ma’naviy immunitetni shakllantirishga erishishning ilmiy-texnologik asoslari, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarining ta’sirchan shakllarining bugungi kundagi ahamiyati milliy va ma’naviy muhit bilan bog‘langan tarzda muhokama etildi. Konferensiya sho‘balari ushbu ilmiy muammolarga aloqador besh yo‘nalishda tanlangan.

 

 

Anjumanning munozaralar qismi qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

 

Abduxalil Mavrulov, tarix fanlari doktori, professor:

– Biz uch ming yillik tariximizda nimaga erishgan bo‘lsak, milliy birligimiz natijasida erishganmiz. Nimaiki yo‘qotgan bo‘lsak, milliy birlik yo‘qligi bois yo‘qotganmiz. So‘nggi paytda insonlarda iste’molchilik kayfiyati kuchayib ketdi: ham moddiy, ham ma’naviy.

 

Ma’lumki, ma’naviyatni ham, madaniyatni ham ijtimoiy funksiyalari bor. Bular nimaga xizmat qilyapti? O‘z tahlilim bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, madaniyatning asosiy funksiyasi ko‘ngilocharlik bo‘lib qolyapti. Ma’naviyatni ijtimoiy funksiyasi esa va’zxonlik bo‘lib qolyapti. Bu holat yaxshi tomonga o‘zgarib borish yo‘lida ketayotganligi barchamizni quvontiryapti va ko‘pchilik bunga o‘z fikr-mulohazasini bildiryapti. Aslida, ma’naviyat va madaniyatning uch asosiy funksiyasi bo‘lishi kerak. Birinchisi, safarbarlik funksiyasi. Bunda inson o‘zini-o‘zi safarbar etishdan boshlanadi. Ikkinchisi, yaratuvchanlik funksiyasi. Uchinchisi, ijtimoiylashtirish funksiyasi. Ijtimoiylashgan inson jamiyat ichida yashay oladi. Individual shaxs bo‘lish bilan birga jamiyat a’zosi ekanligimiz esimizdan chiqadi, ba’zida. Bularning barchasida birlashish muhim ahamiyatga ega.

 

Olimjon O‘sarov, Mudofaa vazirining vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi:

– Bugun jamiyatimizning oldida turgan dushman kim, u qanday qiyofada? Gʻoyaviy jangchi deyapmiz. Gʻoyaviy jangchi o‘z dushmani siyratini, siymosini ko‘ra olyaptimi? Eng avvalo mana shu savolga javob topishimiz muhim. Gʻoyaviy jangchining dushmani bugun ikki xil ko‘rinishda: ichki va tashqi dushman. Ichki dushman bu judayam xavfli, barcha mag‘lubiyatlarimizning asosi. Aynan ichki dushmanning ham ikki ko‘rinishi bor: nafs va qo‘rquv. Tashqi dushman ham ikkiga bo‘linadi: internet va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’naviy tahdidlar hamda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligiga ko‘z tikib turgan kuchlar.

 

Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak. Ayni kunlarda yurtimizda intenetdan foydalanuvchilar soni 30 milliondan ortiq. Shundan 85 foizi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari. Bunda yoshlarning ishtiroki yuqoriligini inobatga olsak, aynan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda zamonaviy targ‘ibot texnologiyalaridan foydalanishni samarali yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.

 

Ilyos Islomov, tarix fanlari doktori, professor:

– Ommaviy axborot vositalari ommaviy qirg‘in qurollaridan xavfliroq, degan fikr bor. Internetda biror qiziq ma’lumot tarqalsa bir kunda besh yuz ming, 1 millionga yaqin ko‘rilyapti. Bunda targ‘ibot texnologiyasining imkoniyati yaqqol namoyon bo‘ladi. 2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, dunyoda 5 milliard 560 million aholi internetdan foydalanmoqda. Bu – dunyo aholisini 60 foizini tashkil qiladi. Bugun axborotni olish, saqlash va qayta ishlash masalasida internet zamon va makon tushunchasini yo‘qotdi. Targ‘ibot texnologiyalari ham o‘zgardi. Keyingi yillarda ijtimoiy sohalarda texnologiyalardan ham keng foydalanila boshlandi. Texnologiya – natijani qo‘lga kiritishning usul va uslubi. Avval texnologiya deganda texnika tushunilgan bo‘lsa, bugun maqsadga yo‘naltirilgan, qoida, tartib tariqasida sinalgan, bir necha marta qo‘llanilgan usullar tushuniladi. Bunda kadrlar va raqobat masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//