Maktablarda yozgi taʼtil 1,5 oyga qisqaradimi?

Saqlash
11:15 / 14.03.2025 443 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston maktablarida yozgi taʼtil 1,5 oy (6 hafta) boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

 

Ularda yozilishicha, uzoq taʼtil davomida bolalar bilimni unutib qoʻyishlari mumkinligi sabab ayrim ota-onalar bu taklifni qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, boshqalar bu qarorga qarshi chiqqan. Xabarlarda, shuningdek, dunyodagi ayrim davlatlarda yozgi taʼtil qisqaroq ekani, lekin yil davomida koʻplab bayram kunlari borligi eslatib oʻtilgan. Biroq Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bunday mish-mishlarni rad etdi.

 

“Bu gapni oʻylab topishganmi yoki taklif sifatida aytilganmi, aniq bilmayman. Lekin maktablarda yozgi taʼtil qisqaradi degan masala vazirlikda koʻtarilgani ham, bu gap boʻlgani ham yoʻq”, deb javob bergan vazirlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova.

 

Maʼlumot oʻrnida, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomga koʻra, oʻquv yilining davomiyligi 34 hafta (1-sinflar uchun 33 hafta)ni tashkil qiladi.

 

Bunda oʻquv yili davomidagi taʼtillarning muddatlari quyidagicha belgilangan:

- kuzgi taʼtil — 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;

- qishki taʼtil — 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;

- bahorgi taʼtil — 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;

- yozgi taʼtil — oxirgi bosqichli nazorat sinovi oʻtkazilgan kundan (bosqichli nazorat oʻtkazilmaydigan sinflar uchun oʻquv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha.

 

Eslatma uchun, joriy yilning 20-martida maktablarda III chorak tugab, oʻquvchilar 21-martdan bahorgi taʼtilga chiqadi. IV chorak darslari esa 28-mart kunidan boshlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//