Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi geostrategik ahamiyati, istiqboldagi transmintaqaviy hamkorlik muhokama etildi

Saqlash
18:22 / 18.08.2021 1363 0

 

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va O‘zbekiston Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan “Toshkent konferensiyasi” yakunlariga bag‘ishlangan “Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

 “Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli Toshkent konferensiyasida ko‘tarilgan maqsad va vazifalarning kelgusidagi ijrosini ham nazarda tutadi. Konferensiya ishida JIDU professor-o‘qituvchilar tarkibi, Markaziy va Janubiy Osiyo, AQSh, YeI, Rossiya hamda Yaponiya ilmiy-tahliliy markazlari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati a’zolari va viloyatlardan parlament vakillari faol ishtirok etishdi.

Konferensiyadan maqsad Toshkent konferensiyasining mazmun-mohiyatini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning forumda so‘zlagan nutqining qoida va xulosalarini chet el va mamlakatimiz ekspertlari hamda keng ilmiy jamoatchiligiga yetkazish, Markaziy va Janubiy Osiyo makromintaqasi o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash nazariyasi va amaliyoti hamda ikki mintaqa o‘rtasida yaqin hamkorlikni tiklashning geostrategik ahamiyati xususida fikr almashish, transmintaqaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash va milliy qonunchilikni uyg‘unlashtirish kabilar ekani tadbirda alohida ta’kidlab o‘tildi.

Konferensiya ishtirokchilari Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining transmintaqaviy bog‘liqligi va transport-logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik majburiyatlari: oziq-ovqat, energetika va suv resurlari hamda Raqamli tranformatsiya – yangi voqelik, mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari yo‘nalishida o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

Anjumanda mahalliy ekspertlardan tashqari Afg‘oniston, AQSh, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Qozog‘iston, Rossiya, Malayziya, Ozarbayjon, Singapur, Yaponiya  kabi dunyoning 18 davlatidan mutaxassislar ishtirok etishdi. “Markaziy va Janubiy Osiyo munosabatlari: umumiy o‘tmishdan farovon kelajakka” shiori ostida tashkil etilgan tadbir so‘nggida mahalliy va xorijiy ekspertlar ma’ruzalari bo‘yicha ishtirokchilar o‘rtasida munozara va fikr almashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ilmiy soha vakillari uchrashuvi sohadagi tadqiqotlar va yangi ilmiy izlanishlarning yangi yo‘llarini belgilab berishga xizmat qiladi.

Davra stoli qatnashchilari tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash faqatgina transmintaqaviy emas, balki muhokama qilinadigan muammolarning dolzarbligi va ularni yechishga yo‘nalganligi bilan global ahamiyatga egaligi ham ta’kidlandi. Toshkentda tashkil etilgan mintaqa mamlakatlarining yangicha muloqot formati va hamkorligi mintaqaviy bog‘liqliq va xavfsizlik masalalarini muhokama qilish va ilmiy izlanishlar olib borish uchun o‘ziga xos tuzilmaga aylandi. Konferensiya ishtirokchilari regional hamkorlikni rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti bazasida tarkibida turli davlatlar olim va tadqiqotchilari bo‘lgan va doimiy faoliyat yurituvchi pulni (pool) tashkil etish bo‘yicha tashabbusini alohida e’tirof etishdi.

Xalqaro konferensiya davomida tayyorlangan ma’lumot va ma’ruzalar maxsus to‘plamda chop etilib, keng jamoatchilik tashkilotlari va qiziquvchilarga taqdim etiladi.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//