Madaniyat
Ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasini oʻrganishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqotchilari va ekspertlarini birlashtiradigan qoʻshma Oʻzbekiston-Malayziya ilmiy jamiyati tashkil etiladi. Bu haqda Kuala-Lumpurda boʻlib oʻtgan “Madaniy meros: Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi koʻprik” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida maʼlum qilindi.
Maʼlum boʻlishicha, tashkilotga Oʻzbekiston tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi, Malayziya tomonidan esa Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti rahbarlik qiladi.
Ekspertlar kengashining birinchi yigʻilishi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi arafasida boʻlib oʻtadi.
Jamiyatning asosiy vazifalariga qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va nashrlar, taʼlim va madaniy tashabbuslarni tashkil etish, akademik tajriba va resurslar almashish, shuningdek, islom merosi masalalari boʻyicha xalqaro muloqotni rivojlantirish kiradi.
Jamiyatning koordinatorlari etib Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori – doktor Firdavs Abduxoliqov va Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti direktori – doktor Abdulaziz Bergut saylandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidentining islom madaniyatini asrab-avaylash va buyuk allomalar merosini oʻrganishga qoʻshgan hissasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbirda Malayziya tomoni oʻzbekistonlik tadqiqotchilarga 100 000 dan ortiq qoʻlyozma va nodir nashrlardan elektron foydalanish imkonini beruvchi maxsus sertifikat taqdim etdi.
Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti kutubxonasining sertifikati va raqamli kaliti Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktoriga tantanali ravishda topshirildi. Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga ham ruxsat berildi.
Davra suhbati davomida Oʻzbekiston tomoni ikki tomonlama ilmiy, taʼlim va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro markazlar oʻrtasida radikalizmning oldini olish boʻyicha maxsus dastur doirasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish taklif etildi.
Madaniyat sohasidagi tashabbuslar esa Malayziya Islom sanʼati muzeyida Oʻzbekistonning tarixiy yodgorliklari va topilmalariga bagʻishlangan fotokoʻrgazma tashkil etishni, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida Malayziyaning diniy va taʼlim tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va jamoat arboblari uchun Oʻzbekiston boʻylab media-tur oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
Taʼlim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga jalb etish, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturini ishlab chiqish, jumladan, Visiting Professor dasturi boʻyicha oʻzbekistonlik oʻqituvchilarning Malayziya oliy oʻquv yurtlarida ishtirokini taʼminlash taklif qilindi.
Ilmiy sohada Malayziya Islom madaniyati instituti va Imom Buxoriy nomidagi markaz oʻrtasida musulmon olimlarining tibbiyot sohasidagi ilmiy merosini oʻrganish va qayta tiklash hamda Imom Buxoriy merosini tadqiq etish taklif etildi.
Shu bilan birga, maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida malayziyalik dindorlarga Oʻzbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bogʻliq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkonini beruvchi “Umra plyus” maxsus ziyorat dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q