Kelajakda bizni qanday kashfiyotlar kutmoqda?

Saqlash
16:41 / 04.02.2025 67 0

Bir jurnalist dunyoning 300 nafar taniqli olimiga kelajak qanday boʻlishi haqidagi savol bilan murojaat qildi.

 

Mutaxassislar esa hozirda ustida ishlanayotgan yangi kashfiyotlar, zamonaviy texnologiyalar va loyihalarni tahlil qilib, nafaqat kelajakdagi kashfiyotlar, balki u yoki bu hodisaning aynan qachon sodir boʻlishini ham bashorat qilishdi.

 

Ularning aytishicha, taxmin qilgan kashfiyotlar 20, 50 va 100 yil ichida sodir boʻlishi mumkin(sanoq teskari tartibda):

 

10. Internetga linza orqali kiriladi

 

 

Kelgusi oʻn yilliklarda shunday maxsus kontakt linzalari paydo boʻladiki, ular orqali insonlar Internetga hech qanday gadjetsiz, shunchaki koʻz orqali kirishi mumkin boʻladi. Natijada, odamlar dunyoni “Terminator” filmidagi robot kabi koʻradi (atrofdagi voqelik tasvirning tepasida turli xil qoʻshimcha maʼlumotlar bilan paydo boʻladi).

 

Suhbat davomida esa soʻzlovchi oʻz suhbatdoshi haqidagi maʼlumotlarni linza orqali koʻrib turadi va agar u boshqa tilda gapirsa, koʻzda tarjima qilingan subtitrlar paydo boʻladi. Kishi uni oʻqib, suhbatdoshini tushunadi. Foydalanuvchi koʻchada eski qadrdonini koʻrib qolganda, agar uning kimligi esidan chiqqan boʻlsa linza uning kimligini aniqlaydi va axborot beradi.

 

9. Jihozlar oʻz rangini oʻzgartiradi

 

 

Nanotexnologiyaning shiddat bilan rivojlanib borishi taʼsirida oradan 20 yil oʻtib har qanday shaklga kira oladigan moddalar paydo boʻlishi mumkin. Ular qayta dasturlanishi mumkin boʻlgan mikroskopik kompyuter chiplari — “klaytron atomlar”dan iborat boʻladi. Oqibatda, odamlar plastmassa yoki metalldan turli xil haykalchalar yaratish imkoniga ega boʻladi. Moddalar esa aslida plastilin kabi boʻladi.

 

Kelgusida bunday materiallardan maishiy texnika va mebel ishlab chiqariladi. Bu esa birgina buyruq bilan jihozlarning rangini va shaklini oʻzgartirish imkonini taqdim qiladi.

 

8. Shifokorlar oʻrniga gadjetlar

 

 

Yaqin yillarda gadjetlar shifokorlarning ayrim funksiyalarini bajara boshlaydi. Masalan, hozirda global tarmoq orqali har qanday kasallikning kelib chiqish tarixi va sabablari, davo usullarini bilib olish mumkin. Keyingi jarayonlar esa albatta kishining aqlini shoshiradi. Yaʼni, olimlar kelajakda nafaqat shifokorlarga, balki bemorlarga ham yordam beradigan global Robodoc dasturi paydo boʻlishini taxmin qilmoqda. U tarmoqlardan maʼlumotlarni oladi va foydalanuvchiga aniq tibbiy maslahatlar beradi, xuddi mutaxassis kabi. Agar shunday boʻlsa, maslahat olish yoki test natijalarini bilish uchun shifokorga borishga hojat qolmaydi.

 

Bundan tashqari, insonning tanasini nazorat qiladigan kiyimlar ham yaratiladi. Ular organizmdagi oʻzgarishlarni qayd qiladi va jiddiy kasalliklarning oldini oladi, yaʼni kasallik boshlangani haqida maʼlumot beradi. Foydalanuvchida esa kasallikning erta davridayoq davolanishga sharoit yaratiladi.

 

7. Qogʻozdek yupqa gadjetlar

 

 

Kompyuter ekranlari shunchalik egiluvchan va yupqa boʻladiki, ularni odamlar qogʻoz kabi oʻrab, qoʻllarida koʻtarib yuradi. Bundan tashqari, qurilmalarni boshqarish uchun ularga shunchaki murojaat etishning oʻzi kifoya qiladi. Masalan, biron joyingiz ogʻriyaptimi, marhamat, telefoningizga “Menga Tez yordam chaqirib ber” deysiz, tamom. Qarabsizki, tez yordam yoʻlga tushgan.

 

6. Haydovchisiz avtomashinalar

 

 

Bu narsa hozir deyarli oʻz yangiligini yoʻqotdi. Chunki rivojlangan davlatlarda allaqachon haydovchisiz harakatlanadigan mashinalar ixtiro qilinmoqda. Siz qurilmadan manzilni belgilaysiz, robotga aylangan ulov sizni olib ketgani keladi.

 

Bu hali hammasi emas. Kelajakda osmonda uchadigan mashinalar yaratiladi. Avtomobillar yerda ham yuradi, biroq ularda gʻildirak boʻlmaydi. Ular elektromagnit orqali harakatlanadi. Bu xuddi suv ustida suzadigan kemaga oʻxshaydi. XXI asr oxiriga kelib esa elektromagnit avtomobil yoʻllari qurila boshlaydi.

 

5. Internet mutatsiyaga uchraydi

 

 

Taxminlarga koʻra, 2027-yilga kelib Internet “Brainnet” bilan oʻrin almashadi. Kompyuterlar global tarmoqdan tashqari inson miyasini ham oʻqishni boshlaydi. Jumladan, tashqi olamga insonning taassurotlari, xotiralari ochiladi. Bunday maʼlumotlar esa tarmoqlarga uzatilishi va hatto boshqa odamning miyasiga ham yuklanishi mumkin.

 

Shunda odamlar telefondagi emojilar oʻrniga haqiqiy his-tuygʻularini yuborish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Texnologiya rivojlanib ketganidan hid, taʼm bilish kabi sezgilar qurilmalarga yozib olinadi va miyaning tegishli qismiga joʻnatiladi. Bu bilan miyada illyuziya hosil qilinadi. Buni boshqariladigan gallyutsinatsiya deb atash mumkin — barcha virtual obyektlar mutlaqo haqiqiy boʻlib koʻrinadi. Mazkur kashfiyot kino sanoati va umuman koʻngilochar industriyani haddan tashqari gurkiratib yuboradi.

 

4. Barcha kerakli narsalar taʼbga qarab yaratiladi

 

 

Hozirda AQSh, Xitoy, Niderlandiya va Birlashgan Arab Amirliklarida uylar 3D printerlarda chop etilmoqda. Tez orada bunday printer yordamida siz oʻzingizga kerak boʻlgan hamma narsani — muzqaymoqdan tortib zargarlik buyumlarigacha, oʻyinchoqlardan tortib oʻz tasavvuringizdagi yangi uyingizgacha oʻzingiz yaratishingiz mumkin boʻladi. Misol uchun, poyabzal doʻkoni sizning oyoqlaringizni oʻlchaydi va sizga toʻliq mos keladigan yangi poyabzal yasab beradi.

 

Shu bilan birga, odamlar texnologiya yordamida oʻz fantaziyalarini reallikka koʻchirishi mumkin boʻladi. Bu butunlay yangi sanʼat turini “dunyoga keltiradi”.

 

3. Inson organlari oʻstiriladi

 

 

Xitoyda allaqachon quloq oʻstirish amaliyoti sinovdan oʻtkazildi. Tez orada insoniyat teri, qon tomirlari, traxeya va keyin murakkabroq organlar — jigar, buyrak va hatto miyani oʻstira oladigan darajaga yetadi.

 

Ildiz hujayra texnologiyasi rivojlanishda davom etadi, biz esa undan orqa miya jarohatlarini, Parkinson kasalligini, Altsgeymer kasalligini va hatto saratonni davolashda foydalanishimiz mumkin. Kelajakda kaltakesak kabi odamlarning kesib tashlangan oyoq-qoʻllari qayta oʻsib chiqadi.

 

2100-yilga kelib, olimlar qarish jarayonini sekinlashtirishga muvaffaq boʻladi va odamlar 150 yildan ortiq umr koʻra boshlaydi.

 

2. Inson prototipi paydo boʻladi

 

 

Silikon vodiysida bu narsa ustida ishlar ancha oldin boshlab yuborilgan. Xususan, Human Connectome loyihasi bilan 2009-yildayoq inson miyasining sxemasini yaratish boshlangan.

 

Agar bu narsa haqiqatga aylansa, kelajakda har bir kishining raqamli nusxasi boʻladi va bu nusxa oʻsha insonning abadiy mavjudligi boʻlib qoladi. U kosmosga chiqishi, lazer yordamida bir soniyada Oyda, 20 daqiqada Marsda va 4 yildan keyin Alpha Centaurida paydo boʻlishi mumkin.

 

1. Sunʼiy intellekt asri boshlanadi

 

 

Bugungi kunda sunʼiy intellekt ustida juda koʻp tadqiqotlar olib borilmoqda. Hozirda ular mustaqil oʻylash va tafakkur qilish boʻyicha tarakandek aql-zakovatga ega. Olimlarning soʻzlariga koʻra, bir necha yil ichida sunʼiy intellekt sichqoncha, keyin kalamush, mushuk, it darajasiga yetadi. Kelgusi asrning boshiga kelib esa ular maymundan oʻzib ketishi mumkin. Keyin sunʼiy intellekt maymunlar miyasiga joylashtiriladi va ular raqamli tarzda boshqariladi. Kun kelib bunday tajriba insonlarda ham oʻtkaziladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//