Ahmad Donish koʻchasidagi yoʻlning choʻkish natijasida davlatga 4,5 mlrd soʻm miqdorida zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
16:19 / 29.12.2021 848 0

Shu yil mart oyida Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish koʻchasining 500 metr qismidagi avtomobil yoʻli 40-50 smgacha choʻkkanligi sabab, shu hududda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan edi. Ushbu holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi.

 

Qayd etilishicha, mutasaddi tashkilotlar tomonidan “Yunusobod-Turkiston” yer osti metro konstruksiyasining atrofini va yon qismlarini tuproq bilan qayta toʻldirish va zichlash ishlari sifatli bajarilmagani, texnik nazorat talab darajasida olib borilmagani hamda avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilishda loyihalashtirish ishlari notoʻgʻri olib borilgani sababli yuqoridagi choʻkish holati yuzaga kelgan.

 

Natijada davlatga 4,5 mlrd soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

 

Hozirda holat boʻyicha Respublika Transport prokuraturasi tomonidan Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, Ahmad Donish koʻchasida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish boʻyicha mutasaddi idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar tashkil etilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//