Jahon
21-yanvar kuni soat 03:27da Turkiyadagi taniqli mehmonxonalardan birida baxtsiz hodisa roʻy berdi – Bolu shahridagi 12 qavatli yogʻoch mehmonxonada yirik yongʻin sodir boʻldi.
Turkiyaning Shimoli-Gʻarbidagi mehmonxonada qariyb 250 nafar fuqaro boʻlgan; Talaba va oʻquvchilarning taʼtil davri boʻlgani uchun mehmonxona 80 % mehmonlar bilan toʻla boʻlgan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi vaziri Ali Yerlikaya xabariga koʻra, yongʻin oqibatida vafot etganlar soni 80 kishiga yetgan, 50 dan ortiq jarohatlanganlar mavjud. 52 nafar qurbon shaxsi aniqlangan, 45 nafar halok boʻlganlarning jasadi oilasiga yetkazilgan. Hududda tan jarohati olganlarni davolash uchun shifoxona tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi vafot etganlar va jarohatlanganlar orasida oʻzbekistonliklar yoʻqligi haqida xabar bergan.
Yongʻin 10 soatda nazoratga olingan. Ichki ishlar, madaniyat, turizm vazirlari tegishli hududga kelib, tekshiruv oʻtkazgan. Hodisa yuzasidan tegrov boshlanib, 11 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham hibsga olingan.
Mehmonxona xodimlaridan birining soʻzlariga koʻra, yongʻin togʻli kurort restoranidan chiqib, butun mehmonxonani qamrab olgan.
“Derazadan yoshlilar ham, yoshlar ham sakrardi. Bir otaning quchogʻidagi bola halok boʻldi. Juda koʻp masʼuliyatsizliklar boʻlgan. Yongʻin yoʻlagi bor, lekin u mehmonxonaning ichida, juda mantiqsiz qurilgan. Mehmonxona toʻliq yogʻochdan yasalgan. Kichik bir uchqundan alangaga aylandi” – deydi u.
Unga koʻra, bu qadar katta qamrovli mehmonxonaning shaxsiy yongʻin oʻchirish va tez yordam mashinalari yoʻqligi – alohida muammoli masala.
Holatga guvoh boʻlgan qoʻshni mehmonxona ishchilari va dam oluvchilar koʻrganlari haqida soʻzlab berdi.
Koʻrpa olib keling, farzandimni tashlayman
Shu tumandagi mehmonxonalardan birida boʻlgan Ali Atmaka odamlar qichqirigʻi, yordam hayqirigʻidan uygʻonib pastga tushganini aytadi. Uning soʻzlariga koʻra, odamlar yongʻin dahshatidan derazalardan sakragan, atrofdagilar esa ular qattiq yerga tushmasin uchun yerga koʻrpa-toʻshaklar solgan:
“Bizning yordamimiz qanchalik foyda berganini bilmayman. Odamlar koʻz oldimizda qurbon boʻldi, bu ruhiyatimizga jiddiy taʼsir qildi. Keyin oʻt oʻchiruvchilar keldi. Biroq mehmonxonaning murakkab tuzilmasi ularga murakkablik tugʻdirdi. Biz yordam berish uchun koʻrpa-toʻshaklar olib bordik. Odamlar hatto, farzandi bilan ham derazadan sakramoqchi boʻldi. Farzandini koʻtargan bir inson «Koʻrpa olib kelib, oʻz farzandimni tashlayapman, ushlang!” dedi. Baxtimizga, oʻsha vaqtda oʻt oʻchiruvchilar kelib, bola hayotini saqlab qoldi. Qutqaruv ishlari tezkorlik bilan amalga oshirilganiga qaramay, yongʻinning keng qamrovi tufayli koʻz oldimizda qancha inson vafot etdi” – deydi u.
Yana bir guvoh Anadolu agentligi muxbirlariga koʻrganlari haqida soʻzlab berdi:
“Ish smenam tugagach, oʻz nomerimga qaytayotgandim. Qoʻshni mehmonxonadan kelgan hayqiriqlardan koʻchaga chiqdim. Odamlar mehmonxonani qamrab olgan tumandan vahimaga tushib, oynadan yordam soʻrab, baqirardi. Biz arqon, yostiq, koʻrpalar olib chiqdik va oʻt oʻchiruvchilarni kutardik. Bu taxminan 2 soat davom etdi. Oʻt oʻchiruvchilar kelgunicha yuqori qism yona boshladi. U yerda ikki ayol bor edi, ular oynadan shunchaki sakradi. Yongʻin oʻchirish xodimlari kelganida bizni chetroq oʻtishimiz aytildi. Biz arqonlarni imkon qadar uzoqroqqa uzatishga harakat qilardik. Yana bir qariya bor edi, u arqonni mahkam ushlashga urindi, biroq koʻli siranib, yiqildi va oyogʻini sindirib oldi” – deydi Barish Sargyul.
Tarmoqlarda tarqalgan suratlardan mehmonxona foydalanuvchilari choyshablarni bir-biriga bogʻlab, yonayotgan hududdan qochishga, oynadan sakrashga uringan. Gubernator Aydin soʻziga koʻra, vafot etganlarning ikki nafarining oʻlimi vahima bilan derazadan sakrash oqibatida sodir boʻlgan. Hodisa yaqinidagi mehmonxona mijozlari ham ehtiyot chorasi sifatida evakuatsiya qilingan.
Yongʻin oqibatlari tufayli xalqaro hamjamiyat – Ozarboyjon, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Rossiya va Qozogʻiston prezidentlari va boshqa bir qator mamlakatlarning davlat tashkiloti, jumladan, Yevroittifoq va Yevropa parlamenti masʼullari ham Turkiya prezidenti va jabrlanganlar oilasiga hamdardlik bildirdi.
22-dekabr – Turkiyada motam kuni deb eʼlon qilindi. Prezident Rajab Toib Erdoʻgʻon vafot etganlar oilasiga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga shifo tiladi.
Maʼlum boʻlishicha, mehmonxonada butun bir Gyultekinlar oilasi – uning 9 nafar dam olayotgan aʼzosi ham vafot etgan. Ular bilan vidolashuv marosimiga minglab odamlar tashrif buyurgan.
“Biz xafa boʻldik, yuraklarimiz ogʻridi” – deydi ularning janoza marosimida ishtirok etib, koʻz yoshini tiyolmagan prezident.
Masʼullar bu vaziyatda yolgʻon maʼlumotlar tarqatmaslikka va dezinformatsiyaga ishonmaslikka chaqirgan.
Yongʻin sababi haligacha aniqlanmagan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q