“Ong olamidagi inqiloblar”, “So‘nggi jadidning qizi”, “Hind yig‘isi” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
18:29 / 20.01.2025 26 0

“Ma’naviyat” asosiy tushunchalar lug‘atida avlod tushunchasiga “tor ma’noda alohida bir shaxs, oila yoki sulolaning davomchisi bo‘lgan farzandlar va ularning zurriyodlari, keng ma’noda esa millat, xalq, sivilizatsiya rivojining muayyan bosqichida yagona g‘oya, maqsad va vazifalar bilan maydonga chiqadigan, taraqqiyot jarayonida uzviylik va davomiylikni ta’minlab, o‘z davri qiyofasini belgilab beradigan, ijtimoiy hodisa darajasigacha ko‘tariladigan kishilar guruhi” deya ta’rif berilgan.” “Avlod nazariyasi” tahlil qilingan Nigora Husanovaning “Ong olamidagi inqiloblar” maqolasi to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2024-yil 4-sonida tanishing.

 

“Bolalik shudgorga tashlangan urug‘ga o‘xshaydi. Agar yaxshilab parvarish qilsangiz, albatta hosil olasiz. Agar muhit qurg‘oqchilikdan iborat bo‘lsa yoki vaqtida o‘g‘itini olmasa, umuman, parvarish sust bo‘lsa, hosil ham shunga yarasha, urug‘i puch, ta’mi taxir, tosh bosmaydigan, palag‘da bo‘ladi. Palag‘da iste’dodlar palag‘da mahsulotlar yaratadi. Bugungi kunimizning eng katta fojealaridan biri – palag‘da iste’dodlar ko‘payib ketganida. Bugungi dunyo, shu paytgacha madaniy ongning mezoni bo‘lgan yovvoyi yo madaniylarga emas, kitob o‘qigan va o‘qimaganlarga bo‘linayapti. O‘qimay qo‘ysak fikrlashdan, o‘zimizdagi “loyiha”ni amalga oshirishdan to‘xtab qolamiz.” Jurnalning “Burilish nuqtasi” ruknida shaxs yaralishidagi mutolaaning o‘rni haqida yozuvchi Nazar Eshonqulning fikr va mulohazalari “Inson bu – loyiha” sarlavhasi ostida  e’lon qilingan.

 

“Prank – qarangki, tilimiz bu mazmunni ifodalashda ham boy ekan. Hazrat Navoiy “hazil” so‘zi bilan birga “zarofat” va “mutoyiba” so‘zlarini ham qo‘llagan. Menimcha, prank o‘rniga “hazil” so‘zi mos keladi, ya’ni: hazil video. “Prankda bir oz mazax ham bor-ku” degan e’tiroz bo‘lishi mumkin, bundaylari “mazax video”, yanayam qorarog‘i – “masxara video” deyish mumkin va hokazo”. “Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasida ona tilimizga kirib kelayotgan hamda o‘zlashayotgan yangi (chet) so‘zlar va ularning bisotimizdagi muqobili haqida mutaxassislarning tavsiyalari bilan tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Maysalar oftobga talpingan kabi...” (Shodmonqul Salom), “No‘g‘aylar kimlar?” (Anvar Bo‘ronov), “Qiziqchilikmi yo buzuqchilik” (Azim Ro‘ziyev), “Taxallus nega tanlanadi” (Xoliyor Safarov) maqolalari, “Kasbimni nega o‘zgartirdim?” (davra suhbati), “Qaysin Quliyev ogohlantiradi” hikmatlari, “Ijod og‘riqlari” (rejissyor Shokir Xoliqov bilan) suhbatini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Oraliqdagi xatarlar” (Sobir Jumayev), “Qaltis savollarga nozik javoblar” (Hikmatilloh Toshtemirov), “So‘nggi jadidning qizi” (Gulnora Qo‘shjonova) xotiralari, “Dunyoni uyg‘otgan alloma” (Ismatilla To‘xtayev), “Hind yig‘isi” (Sanjar Toshbekov), “Olisdagi daryo ovozi” (G‘ayrat Majid), “Haq odamlari” (Shukur Jabbor), “Xudo bergan Xudoyberdi” (Sardor Quvonov) haqida so‘z boradi.

 

“Har bir xalq ulkan daraxtga o‘xshaydi. Uning ildizlari naqadar teran bo‘lsa, qaddi-basti ham shunga yarasha ulug‘ bo‘ladi. Ma’naviyat xalqning ana shunday o‘q tomiridir. Bu ildizlardan suv ichgan avlod aslo kam bo‘lmaydi. Ko‘zlagan murodiga ham shu quvvat bilan yetib keladi.” Mazkur fikr jurnalning 2024-yil 4-soniga xulosa o‘rnida keltirilgan. “Ma’naviy hayot” bilan o‘q tomirlaringizni quvvatlantirib boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//