Nokia kompaniyasi smartfonlar bozorini tark etdi

Saqlash
13:10 / 15.01.2025 173 0

Finlyandiyaning HMD Global (Human Mobile Devices) kompaniyasi Nokia brendi ostidagi smartfonlarni endi sotmasligini maʼlum qildi.

 

Aslida bunday qaror 2024-yilda boshlangan edi va oʻsha yilning oxiriga kelib bu amalga oshdi.

 

Hozirda HMD Global soʻnggi sakkiz yil ichida chiqargan barcha Nokia smartfonlari, oʻz veb-saytida eskirgan va ishlab chiqarish toʻxtatilgan qurilmalarga bagʻishlangan yangi boʻlimga koʻchib oʻtgan. Endi kompaniya oʻz brendi ostidagi smartfonlarni sotadi. Uning joriy katalogida Key, Arc, Skyline, Fusion, Aura, Pulse va boshqa bir qator modellar mavjud. Shunday bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchi tomon hamma uchun qadrli boʻlgan klassik Nokia telefonini sotishdan toʻliq voz kechgani yoʻq. Masalan, kompaniya 2026-yilgacha Nokia brendidan foydalanish litsenziyasini saqlab qoladi.

 

Xabarga koʻra, HMD Global Nokia brendi ostida oʻzining yangi mahsulotni chiqargan edi. Ammo u ham ommalashmadi. Shunda rahbariyat bundan buyon tovarning koʻp sotilishiga uning mashhur brend nomi ostida ishlab chiqarilishi taʼsir qilmaydi degan xulosaga kelgan. Jumladan, HMD tomonidan ishlab chiqilgan Nokia smartfonlarining birinchi modellari 2017-yilning yanvar oyida ommaga taqdim qilingan. Afsuski, uning bozori chaqqon boʻlmagan.

 

Maʼlumot uchun, Nokia Apple'ning gadjetlari paydo boʻlgunga qadar smartfon bozorida eng yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanar edi. Oʻsha vaqtlarda oʻziga xos xususiyatga ega boʻlgan Nokia telefonlariga sifat jihatidan ham, mashhurlik jihatidan ham teng keladigani yoʻq edi.

 

Nokia nafaqat uyali telefonlar, balki smartfonlar bozorida ham yetakchi hisoblangan. Bu liderlik 2007-yilning boshigacha, Apple birinchi iPhone'ni chiqargunga qadar davom etdi. Bu vaqtda Nokia'ning raqobat uchun tavsiya etadigan mahsuloti yoʻq edi.

 

Uning Symbian OS asosidagi smartfonlari deyarli barcha koʻrsatkichlar boʻyicha iPhone'dan ortda qolib ketdi. Aslida ham Symbian OS'ning imkoniyatlari va foydalanish qulayligini iOS bilan taqqoslab boʻlmaydi.

 

Yillar o‘tib isteʼmolchilar Nokia mahsulotlariga qiziqmay qoʻydi, natijada kompaniya oʻzining mobil boʻlinmasini sotishga majbur boʻldi.

 

2013-yil sentyabr oyida xaridor ham topildi. Bu Microsoft korporatsiyasi edi (tranzaksiya summasi: 5,4 mlrd dollar).

 

Apple bilan raqobat qilish uchun Microsoft Nokia'ga kerak edi, biroq reja ayanchli tarzda barbod boʻldi. Chunki qoʻshma tashkilotlar yaratgan mahsulot dunyoni qiziqtirmadi. Yakunda katta umid qilingan Microsoft 2016-yilning may oyida Nokia'ni HMD Global'ga (bor yoʻgʻi 35mln dollarga, yaʼni uni sotib olganidan 15 barobar arzonroqqa) sotib yubordi.

 

HMD Global esa Nokia brendi va logotipidan foydalanmoqchi edi. Xullas, inqirozga yuz tutayotgan brendga xaloskorga qaralgandek qaraldi. HMD Global foyda topdimi yoki uning aksimi, bu aniq emas, lekin shuni taʼkidlash kerakki, qachonlardir barchaning sevimli brendi boʻlgan Nokia oxirgi 8 yil ichida sotuv hajmi boʻyicha kuchli 5 likka ham kira olmadi.

 

Yangi Nokia smartfonlariga kelsak, ular foydalanuvchilarni oʻziga jalb qiladigan oʻziga xos xususiyatlarga ega emas edi. Bu mahsulotlar bozorda juda koʻp boʻlgan juda oddiy Android mobil telefonlari boʻlib qolaverdi va ular eng yaqin raqobatchilaridan faqat brendi tufayli ajralib turardi.

 

Shunday boʻlsa-da, HMD original Nokia smartfonlarini ishlab chiqarishga harakat qildi, biroq bu gʻoya ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ketma-ket salbiy natijalarni qabul qilib olgan HMD raqobatga chidamli, dunyo uchun yangilik boʻla oladigan Nokia smartfonini yaratmadi. Yaratishga ham urunib ko‘rmadi. Chunki HMD Global hech qachon Apple, Samsung kabi “gigant”lar bilan raqobat qilishga qodir kompaniya emas edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//