Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida“gi qarorni imzoladi.
Qarorda keltirilishicha, Vatanimiz tarixida gʻoyat murakkab va sinovli davr boʻlgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, taʼlim va tarbiya, adabiyot va sanʼat, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilgʻor taraqqiyot yutuqlarini oʻzlashtirish orqali xalqimizning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yoʻlida oʻz hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.
Mahmudxoʻja Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramasdan, yurtimizda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh-qosh boʻldi. Mohir publitsist sifatida oʻz davrining dolzarb muammolariga bagʻishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali oʻlkamizda teatr sanʼatining tamal toshini qoʻydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi boʻlgan bu mutafakkir zot 44 yoshida yovuz kuchlar qurboni boʻldi.
Mustaqillik davrida Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida uning muazzam haykali oʻrnatilgani, Samarqand shahrida uy-muzeyi tashkil qilingani mamlakatimiz hayotida katta voqea sifatida eʼtirof etildi. Isteʼdodli dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot taʼsis qilingani shu yoʻldagi yangi amaliy qadam boʻldi.
Qayd etilishicha, Mahmudxoʻja Behbudiy asarlarining yosh avlodimiz intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi oʻrni va ahamiyatini inobatga olib hamda uning bebaho merosini yanada kengroq oʻrganish va targʻib etish maqsadida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tuziladi.
Tashkiliy qoʻmita ikki hafta muddatda Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlaydi.
Ushbu dasturda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi:
mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” toʻplami, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
Mahmudxoʻja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxoʻja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zalida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmasini uyushtirish;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Mahmudxoʻja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash;
barcha boʻgʻindagi taʼlim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish;
zamonaviy raqamli va targʻibot texnologiyalari asosida Mahmudxoʻja Behbudiy asarlarini yoshlar oʻrtasida keng ommalashtirish;
2025-yil oktyabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxoʻja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini oʻrganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
2025-yil noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-maʼrifiy xotira kechasini oʻtkazish;
Samarqand shahridagi Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish;
Qarshi shahridagi koʻchalardan biriga Mahmudxoʻja Behbudiy nomini berish hamda unga bagʻishlangan yodgorlik lavhasini oʻrnatish;
Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni eʼlon qilish.
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q