“Ajdodlar omonati”, “Qachon millat bo‘lamiz?”, “Oq-u qora bir yo‘lda ” – “Tafakkur” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
18:03 / 24.12.2024 228 0

Gulelmo Markoni simsiz telegrafni kashf etganda 21 yoshda, Isaak Nyuton butun olam tortishishi qonunini ochganda bor-yo‘g‘i 25 yoshda bo‘lgan. Shu yoshida bekor pashsha qo‘rib yurganlar qancha! Har bir odam o‘zining nimaga qodirligini bilishi, shunga mos ravishda xatti-harakatlar tizimini belgilab olishi kerak. Faqat boshqalardan ayb qidirish mohiyatni o‘zgartirmaydi. Binobarin, jamiyatning umumiy qoidalariga ko‘ra yashash shart.” “Fozillar mum tishlasa...” suhbatida bugungi ilm dunyosi muammolari, olimlarning burchi va mas’uliyati, ma’rifatni xiralashtirishga xizmat qiluvchi “zarpechaklar” haqida so‘z boradi. Adabiyotshunos olim Boqijon To‘xliyev bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2024-yil 4-sonida o‘qing.

 

“O‘zbekiston butun islom olami uchun muhaddislar, olim-u ulamolar yetishtirib bergan mo‘tabar diyor sifatida shuhrat qozongan. Islom dini garchi  Arabistonda tarqalgan bo‘lsa-da, o‘zbek zaminidan quvvat olganini dunyo musulmonlari yakdil e’tirof etadilar.” Joriy yil oktyabr oyida yurtimizda “Islom – tinchlik va ezgulik dini”, “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda dunyoning o‘nga yaqin mamlakatidan yetmishga yaqin ulamo, muftiy, islomshunos olim va mehmonlar qatnashdi. Yuqorida keltirilgan parcha “Birlik, birdamlik matlabi” – anjumanda so‘zlangan nutqlardan iqtiboslar jamlanmasidan olingan. Uning to‘liq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.

 

“O‘zlikni anglashning uch shakli bor: avvalo, har bir inson o‘zini o‘zi anglashi lozim; soniyan, muayyan millat vakili sifatida milliy o‘zlikni idrok etmoq kerak; uchinchidan esa bashar farzandi o‘laroq dunyoni anglamoq talab etiladi. Bu uch jihat o‘zaro mushtarakdir, halqalardan hatto bittasi bo‘lmasa ham qolganlari bog‘lanmaydi. Ya’ni, etnik guruh, elat ham to‘laqonli millat darajasiga ko‘tarilmaydi.” Jurnalning “Jamiyatning maqsadi” ruknida Sa’dulla Otamurodovning “Qachon milat bo‘lamiz?” maqolasini o‘qiysiz. Unda millatni millat qiladigan halqalar haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Fuqarolik jamiyati: tafsil va tahlil”, “Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar”, “Ming bir naql”dan bir shingil” maqolalari, “Yashasin so‘z erkinligi!” hikoyasi hamda “Oskar Uayld iqrorlari”, “Huzunvor xurramlik” mutolaasi o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Ildizlarga kerak toza havolar”, “Elni vabodan qutqargan zot”, “Xonning Fuzuliyga taxmisi”, “Kitobga oshiq jahongir” maqolalari e’lon qilingan.

 

“Mohiyat jilolari” ruknida Oskar Uayldning “Biz mudom o‘z “men”imiz ichida adashib yuramiz, shu bois hayotimizni o‘zgartirishimiz dargumon” iqrorini o‘qiysiz. Jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur”ni o‘qing, o‘z “men”ingizga adashmasligiga, hayotini o‘zgartirishiga imkon bering!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//