Chetdan keltirilgan mandarin mevasida zararkunanda borligi aniqlandi

Saqlash
14:13 / 23.12.2024 245 0

Pokistondan keltirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi maʼlum boʻldi.

 

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining xabar berishicha, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ushbu sitrus meva ustidan ekspertiza oʻtkazilgan. Tahlil natijasida unda “Qizil pomeranes” qalqondori mavjudligi aniqlangan.

 

Maʼlumot uchun, mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxoʻri, zaytun, uzum kabi oʻsimliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga taʼsir koʻrsatadi. Asosan Pokiston, Afgʻoniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.

 

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bogʻlangan. Muloqotda Pokiston tomoni dekabr oyida Oʻzbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganini maʼlum qilgan.

 

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston va Pokiston milliy karantin xizmatlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. Qalbaki sertifikatlar mazkur elektron tizim orqali ham tekshirilgan va fitosanitariya sertifikatlari qalbaki boʻlgani oydinlashgan.

 

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, endi Pokistondan olib kirilishi rejalashtirilgan barcha karantin ostidagi mahsulotlar Karantin agentligining “E-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshirilib, Pokiston davlatining elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlanganidan soʻng mahsulotlar Oʻzbekiston hududiga olib kirilishiga ruxsat berilishi belgilandi.

 

Maʼlum boʻlishicha, hozirda Pokistondan mandarin eksporti uchun import karantin ruxsatnomasi (IKR) rasmiylashtirilishi vaqtinchalik toʻxtatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//