Jahon
YUNESKOning taqdim qilgan maʼlumotiga koʻra, inflyuyenserlarning (bloger) 62 foizi maʼlumotni ulashishdan oldin tekshirmaydi. Bu esa, albatta, aholi orasida soxta maʼlumotlarning tarqalishiga va jamoatchilik ishonchining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Mazkur xulosa tadqiqot tahliliga asoslangan boʻlib, YUNESKO aynan ijtimoiy tarmoqlarga taʼsir oʻtkazuvchilar (blogerlar) ishtirokida soʻrovnoma oʻtkazgan. Unda respondentlarning yarmidan koʻpi (62 foizi) kontentni oʻz obunachilari bilan boʻlishishdan oldin uning toʻgʻriligini tekshirmasligini aytgan.
2024-yil avgust va sentyabr oylarida oʻtkazilgan tadqiqotda 45 mamlakatdan 500 nafar raqamli kontent yaratuvchilar qatnashgan. Ular kamida 1000 dan ortiq obunachiga ega.
Blogerlarning taxminan uchdan biri maʼlumotni oʻzlari ishongan manbadan olgani sababli uning haqiqiyligini tekshirmasdan baham koʻrishini, 37 foizi maʼlumotni fakt-cheking qiluvchi saytlar yordamida tekshirib, keyin oʻz kontentlarini tarqatishini maʼlum qilgan.
Bundan tashqari, axborot tarqatuvchilarning har 10 nafardan 4 nafari maʼlumotlarni mashhurlik darajasiga qarab tanlar ekan. Yaʼni agar maʼlumot koʻproq “like” yigʻgan va keng tarqalgan boʻlsa, ularning xulosasi boʻyicha oʻsha maʼlumot tasdiqlangan va ishonchli. Har 5 nafardan bir nafarining ishonch manbai esa maʼlumotni ulashgan doʻsti yoki ekspertdir. Soʻrovda qatnashgan blogerlarning atigi 17 foizigina hujjat va dalillar ishonchlilik manbasi boʻlishini taʼkidlagan, xolos.
“Axborotni tanqidiy fikrlash orqali tekshirishning yetishmasligi blogerlarning media savodxonlik koʻnikmalarini, shu jumladan, ishonchli faktlarni tekshirish resurslarini aniqlash va ulardan foydalanishni kuchaytirish zarurligini koʻrsatadi”, deb yozadi YUNESKO oʻz xulosasida.
Taʼkidlash lozim, ushbu tadqiqot jarayoni 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovlaridan keyin boshlandi. Maʼlum boʻlishicha, saylovda aynan blogerlar saylovchilar uchun asosiy axborot manbai boʻlgan. Saylov kampaniyasi davomida (hozirgi) prezident Donald Tramp va vitse-prezident Kamala Xarris saylovchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish uchun millionlab obunachiga ega boʻlgan Jo Rogan va Aleks Kuper xizmatidan foydalangan.
Pew tadqiqot markazining soʻnggi hisoboti shuni koʻrsatdiki, 18 yoshdan 29 yoshgacha boʻlgan amerikalik yoshlarning deyarli 40 foizi yangiliklarni muntazam tarzda blogerlardan olib keladi. Ushbu axborot tarqatuvchilarning aksariyati esa hech qachon yangilik tarqatuvchi tashkilotlarda ishlamagan.
Pew tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma esa oʻrta yoshli va undan katta boʻlgan amerikaliklarning yarmidan koʻpi yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borishi haqida maʼlumot beradi
“Manbalarning ishonchliligini baholash va faktlarni tekshirish uchun koʻnikma va vositalarga ega boʻlgan jurnalistlardan farqli oʻlaroq, raqamli kontent yaratuvchilar bu sohalarda rasmiy tayyorgarlikka ega emas. Bu esa ular tomonidan tayyorlangan kontentning asosli maʼlumotlar bilan toʻgʻri taʼminlanishida qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin”, deb yozadi YUNESKO.
Tadqiqotda yozilishicha, inflyuyenserlar odatda hukumat tomonidan chiqarilgan hisobotlar va hujjatlar kabi rasmiy maʼlumot manbalariga tayanmaydi. Masalan, soʻrovda qatnashganlarning bergan koʻrsatmalariga koʻra, har 10 nafar blogerning 6 nafari maʼlumot manbai deb oʻz tajribasidan oʻtgan jarayonlarni nazarda tutgan. 40 foiziga yaqini esa kontent tayyorlashda oʻzlarining tadqiqotlari va ekspertlar bilan boʻlgan suhbatlarga tayangan.
“Men joylashtirgan hamma narsa oʻz hayotiy tajribamdan olingan materiallarga asoslangan”, deya oʻz fikrini bildirgan xitoylik bloger Chjan Chjaoyuan.
Tadqiqotda yana bir eʼtibor qaratiladigan jihat shuki, kontentlarni tarqatish jarayonida blogerlarning 53 foizi moliyaviy homiyni ochiqlaydi, 7 foizi esa yashiradi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q