Ilm-fan
Britaniya muzeyidagi ushbu bebaho tasvir Boburiylar tasviriy sanʼati maktabiga oid.
Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi tomonidan Britaniya muzeyi toʻplamidan joy olgan Boburiylar albomi sahifalari orasidan Oʻzbekiston tarixiga oid bebaho tasvir aniqlandi. Ushbu tasvirda XIV asrning oxiri va XV asrning birinchi yarmida Temuriylar davri tasavvuf adabiyotining yirik namoyandalari – Ismat Buxoriy (1365–1436) va Bisotiy Samarqandiy (XIV asrning 80-yillari – 1412) siymosi tasvirlangan.
Boburiylar tasviriy sanʼati maktabiga oid ushbu asarda ustoz va shogird muloqoti aks ettirilgan, ularning har birining nomi arab harflarida yozib qoʻyilgan. Shu paytgacha tadqiqotlarga jalb qilinmagan ushbu asar xalqimiz tarixiga mansub nodir durdonalardan hisoblanadi.
Ismat Buxoriy – Xoja Faxriddin Ismatulloh binni Masʼud Buxoriy Buxoro madrasalarida taʼlim olib, oʻz davrining fozil kishisi darajasiga yetishadi. Sheʼr ilmi, aruz va inshoda tengsiz boʻlib, Ismat va Nosiriy taxalluslari bilan ijod qilgan. “Xoja Ismatning oshiqona gʻazallari, orifona soʻzlari Shohrux sulton zamonida shu qadar shuhrat topdiki, xalq boshqa shoirlar sheʼrlarini qoʻlga olmay qoʻydi”, – deb yozadi Davlatshoh Samarqandiy u haqda.
Ushbu shoir saʼy-harakatlari tufayli Samarqandda Xalil Sulton saroyida kuchli adabiy muhit yuzaga kelgan. Unda Sirojiddin Bisotiy Samarqandiy, Kotibiy Nishopuriy, Mavlono Sakkokiy, Mavlono Badaxshiy, Xayoliy Buxoriy, Burunduq Buxoriy kabi mashhur shoirlar ijod qilgan.
Xoja Ismat Buxoriy sheʼriyatda Xalil Sultonga ustozlik ham qilgan. Bu haqda Davlatshoh Samarqandiy oʻzining “Tazkirat ush-shuaro” asarida shunday yozadi: “Sulton Xalil oʻz ayyomi davlatida Xoja Ismatullohni bagʻoyat ehtirom qilar erdi. Shahzoda ilmi sheʼrni Xojadan taʼlim olur erdi”.
Xoja Ismat Buxoriy Mirzo Ulugʻbekning taklifi bilan bir muddat uning saroyida ham xizmatda boʻladi. XV asrning 30-yillarida saroydan ketib, Buxoroda istiqomat qilgan. Shoirning 8 ming baytli devoni va turkiy tilda yozilgan 1035 baytli “Ibrohim Adham” nomli asari bizgacha yetib kelgan.
Xoja Ismat Buxoriyning shogirdi – Bisotiy Samarqandiy (XIV asrning 80-yillari – 1412) haqidagi ilk maʼlumotlar Jamoliddin Ozariyning (1382–1462) “Javohir ul-asror”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” va Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkiralarida keltirilgan.
Shoir boʻyra toʻqish bilan shugʻullangan. Oʻz ustozi Xoja Ismat Buxoriy bilan uchrashguncha Xasiriy (xasir – boʻyra) taxallusi bilan ijod qilgan. Shoir devonidan Amir Temurga bagʻishlab koʻplab qasidalar joy olgan. Hazrat Alisher Navoiy tazkiralarida Bisotiyni “malik ul-kalom” deb sharaflaydi.
Bisotiy Samarqandiy sheʼrlari qoʻshiq qilib kuylangani va Xalil Sultonga manzur boʻlgani haqida Davlatshoh Samarqandiy shunday yozadi: “Ayturlarkim, mugʻanniylar Xalil Sulton majlisida Bisotiy sheʼrlaridan bir matlaʼ oʻqudilar. Podshohzodagʻa xush keldi, kishi yubordi va Bisotiyni talab qildi. Anga tahsindin soʻng ming tanga tilla baxsh qildi”.
Temuriylar davri adabiyot namoyandalari, xususan, Ismat Buxoriy va Bisotiy Samarqandiy ilmiy-adabiy merosiga oid maʼlumotlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Temuriylar renessansi ekspozitsiyasida namoyish etilishi koʻzda tutilgan.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q