Ikki nafar oʻzbekistonlik sanʼatkor Rossiyaning “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi

Saqlash
17:15 / 18.11.2024 305 0

Oʻzbekistonlik sanʼatkorlar – Farrux Zokirov va Sevara Nazarxon Vladimir Putin farmoni asosida Rossiyaning “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

 

Rossiya Federatsiyasi prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ”Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni bugun, 18-noyabr kuni imzolangan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xabariga koʻra, sanʼatkorlar “oʻzbek va rus madaniyatini yaqinlashtirish va boyitishga qoʻshgan hissasi uchun” mazkur orden bilan mukofotlangan.

 

Rossiyaning “Doʻstlik” ordeni 1994-yilda taʼsis etilgan boʻlib, u Rossiya va chet el fuqarolariga xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi xizmatlari, fan va madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun beriladi.

 

Maʼlumot uchun, Madaniyat vazirligi tomonidan Rossiya Federatsiyasida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ning namoyishi oʻtkazilishi aytilgan edi. Shu munosabat bilan 19-noyabr kuni, soat 19:00da Moskva shahridagi Kreml davlat saroyida “Vecher zvyozd Uzbekistana” nomli oʻzbek sanʼati ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyishi rejalashtirilgan.

 

Unda Oʻzbekiston Qahramoni Munojot Yoʻlchiyeva, Oʻzbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Ramiz Usmonov, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov, opera xonandasi Shirin Mamatova, Oʻzbekiston xalq artisti Kamoliddin Oʻrinboyev boshchiligidagi Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri hamda Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli ishtirok etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//