Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlanmoqda

Saqlash
22:39 / 07.11.2024 391 0

 

Avstraliya 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini butunlay taqiqlab, buni tartibga solish sohasida jahon standartini yaratmoqchi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

 

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze qonun loyihasi kelgusi yili qabul qilinishi mumkinligini bildirdi.

 

Avstraliya hukumati bolalarning Instagram, TikTok, Facebook va X kabi tarmoqlarga kirishini bloklash uchun yoshni tekshirish boʻyicha tajriba loyihasini ishga tushirdi. Sentabr oyida tarmoqlarga kirishini taqiqlovchi qonun tayyorlayotganini maʻlum qilingandi.

 

Bu ijtimoiy tarmoqlarning oʻsmirlar, xususan, tashqi qiyofa masalasida bosimga uchraydigan qizlar va mizoginistik kontentga duch keladigan oʻgʻil bolalarning ruhiy va jismoniy salomatligiga salbiy taʻsiriga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar majmuyining bir qismidir.

 

“Ijtimoiy tarmoqlar bolalarimizga zarar yetkazmoqda va men bunga chek qoʻyishga chaqiraman”, degan Albaneze. Qonun loyihasi ota-onalar roziligi bilan foydalanadigan yoki allaqachon roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarga hech qanday istisnolar bermaydi.

 

Hujjat loyihasini 2024-yilda parlament muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan. Agar u qabul qilinsa, cheklovlar loyiha tasdiqlangandan bir yil oʻtgach kuchga kiradi. Avstraliya dunyoda birinchi boʻlib yosh chegarasiga samarali rioya qilish uchun biometrik yoki davlat hujjatlaridan foydalangan holda yosh tekshiruvini joriy etishni rejalashtirmoqda.

 

Aloqa vaziri Mishel Roulendning taʻkidlashicha, “bolalarni himoya qilish masʻuliyati ota-onalar yoki oʻsmirlarning oʻziga emas, balki platformalarga tushadi”.

 

Google, Meta, TikTok va X manfaatlarini ifodalovchi Avstraliya raqamli sanoat assotsiatsiyasi (DIGI) bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan izolyatsiya qilish ularni xavfsiz boʻlmagan va tartibga solinmagan platformalarga olib borishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

 

“Biz yoshlarning internetdagi xavfsizligi muhimligini tushunamiz, ammo oʻsmirlar uchun taqiq – zamonaviy muammolar uchun oʻtgan asrdagi yechim”, – degan DIGI rahbari Sunita Bose. Uning qoʻshimcha qilishicha, xavfsiz makonlarni yaratish va raqamli savodxonlikni rivojlantirish orqali yanada samaraliroq yechim topilgan boʻlardi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//