Oʻzbekistonlik olimlar yangi baliq turini kashf etdi

Saqlash
16:47 / 01.11.2024 928 0

Zootaxa xalqaro ilmiy jurnali xabar berishicha, Fargʻona davlat universiteti olimlari Fargʻona vodiysidan Dzihunia urugʻiga oid yangi baliq turini kashf etishga muvaffaq boʻlishgan.

 

Markaziy Osiyodagi daryolar yopiq suv havzalari guruhiga mansub boʻlgani sababli mazkur daryolarda uchraydigan aksariyat baliqlar endemik turlar hisoblanadi. Ushbu baliqlar dunyoning boshqa mintaqasida uchramaydi va shu bois ham ularni oʻrganishga boʻlgan talab juda yuqori.

 

Yangi turning kashf etilish jarayoni haqida “Oyina.uz” sayti bilan bogʻlangan tur mualliflaridan biri Baxtiyor Sheraliyev shunday dedi:

 

“Mazkur turning Fargʻona vodiysidan topilishi juda qiziq boshlangan. Bir necha yil avval Xitoyda ilmiy tadqiqot olib borayotgan vaqtimda shogirdim ushbu turning namunalari Katta Fargʻona kanalidan qayd etilganini haqida yozganida dastlab ishonmagan edim. Boisi Dzihunia urugʻi vakillarining Sirdaryo havzasida uchrashi bizdan avvalgi olimlar tomonidan toʻla rad etilgan edi. Lekin bizning qoʻlimizda baliq namunalari turibdi, ishonmaslikka asos yo‘q. Xato qilmaslik uchun namunalar uzoq tekshirildi. Ham morfologik, ham molekulyar analizlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, Rossiya fanlar akademiyasi Zoologiya institutidagi baliqlar kolleksiyasida saqlanuvchi namunalarni ham oʻrganib kelishimizga toʻgʻri keldi. Yakunda esa kutilmagan yangilik boʻldi va Fargʻona vodiysidan Dzihunia pseudoamudarjensis turini kashf etishga muvaffaq boʻldik”.

 

Mazkur kashfiyot oʻzbek ixtiologlarining soʻnggi bir necha yillar davomida Oʻzbekiston suv havzalaridan kashf etgan uchinchi baliq turi boʻldi. Bungacha Baxtiyor Sheraliyev boshchiligida Fargʻona vodiysi togʻ daryolaridan Triplophysa ferganaensis hamda Triplophysa daryoae kabi turlar kashf etilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//