Endi chegaraga yaqin hududlarda 5 kundan ortiq qolish uchun alohida hujjat taqdim qilinadi

Saqlash
19:38 / 29.10.2024 272 0

“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” hukumat qarori qabul qilindi.

 

Shuningdek, ushbu hujjat bilan yana ikkita nizom ham tasdiqlandi:

 

▪️ Davlat chegarasini jihozlash, uni shaxslar va transport bilan kesib oʻtish, u orqali tovarlar olib oʻtish, chegarada va chegara mintaqasida xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, chegara nizolarini hal etish tartibini belgilovchi Davlat chegarasi rejimi toʻgʻrisidagi nizom;

 

▪️ Oʻzbekiston hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizom.

 

Ikkinchi nizomga koʻra, chegara zonasida doimiy yashamaydigan va besh kundan ortiq muddatga keladigan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari, shu jumladan fuqarolik biometrik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi, xizmat guvohnomasi, harbiy guvohnomasi, tugʻilganlik haqida guvohnomasidan tashqari chegara zonasida boʻlish uchun ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan alohida roʻyxatga olish varaqasi ham boʻlishi shart.

 

Buning uchun ular profilaktika inspektori yoki mahalla raisiga murojaat qilishi lozim. Roʻyxatdan oʻtkazish varaqasining amal qilish muddati bir oyni tashkil etadi. (Varaqa shakliga misol ushbu havolada)

 

Chegara hududiga xizmat safariga yuborilgan shaxslar yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjat va xizmat safari hujjatlari boʻlishi kerak.

 

Chegara hududida joylashgan sanatoriylar, dam olish uylari, pansionatlar, turistik bazalar va boshqa davolash-sogʻlomlashtirish muassasalariga tashrif buyuruvchi fuqarolarda muassasalar tomonidan beriladigan yoʻllanma yoki maʼlumotnomalar boʻlishlari kerak.

 

Bolalarning chegara hududida joylashgan bolalar oromgohlarida boʻlishiga ham aynan yoʻllanmalar asosida yoʻl qoʻyiladi.

 

Ota-onalar esa shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilangina 5 kun davomida ushbu hududlarga tashrif buyurishlari mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//