Ilm-fan
Mukofot har ikki yilda sun’iy idrok sohasida odob-axloq va inklyuzivlikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi loyihalarga beriladi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Parijda UNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda a’zo mamlakatlar bir ovozdan “Sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Beruniy nomidagi UNESKO–O‘zbekiston mukofoti”ni ta’sis etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sun’iy idrokni rivojlantirishda axloqiy jihatlarni targ‘ib etish va bu boradagi ilmiy hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida ilgari surilgan.
Beruniy mukofoti inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikka alohida e’tibor bergan holda sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi izlanishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu O‘zbekiston bilan UNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini xalqaro miqyosda ommalashtirishda muhim qadam bo‘ladi.
Bu sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi yutuqlar uchun beriladigan BMT tizimidagi ilk xalqaro mukofot sanaladi. U har ikki yilda bir marotaba uch nafar g‘olibga topshiriladi. Taqdirlash sun’iy idrok sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yuksaltiruvchi va axloqiy tamoyillarning amalda qo‘llanilishini namoyish etuvchi loyiha va tashabbuslar uchun amalga oshiriladi. G‘oliblarga pul mukofoti, sertifikat va medal topshiriladi.
“Ilk taqdirlash marosimi 2025-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida UNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi, bu esa mazkur tashabbusning O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ifodalaydi”, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
G‘oliblar sun’iy idrok sohasidagi yetakchi mutaxassislardan iborat mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan aniqlanadi.
Ushbu mukofot sun’iy idrokni ishlab chiqishda nafaqat axloqiy yondashuvlarning muhimligiga urg‘u beradi, balki jahonshumul chaqiriqlarga yechim topishga yo‘naltirilgan xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yanada keng qamrovli sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q