“Jahon iqtisodiy tafakkur elitasi”ga kirgan Jan Tirol Toshkentga keldi. Ochiq muloqotda qanday masalalar muhokama qilindi?

Saqlash
22:12 / 15.10.2024 1700 0
Foto: Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi

14-oktyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo universitetlari forum-oldi tadbiri boʻlib oʻtdi. Mintaqada ilk bor tashkillashtirilgan xalqaro forumning “Markaziy Osiyoning maʼnaviy va intellektual uygʻonishi” tadbirlarida Fransiyalik iqtisodchi, Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol ham ishtirok etdi.

 

Oʻzbekiston taʼlim tizimiga dunyo tajribasini olib kirish maqsadida tashkillashtirilgan mazkur Forum kun tartibi ikki – “Yirik monopol kompaniyalarni boshqarish va tartibga solishning eng samarali usullari” mavzuida maʼruza va xalq farovonligiga erishish boʻyicha ochiq muloqot sessiyalariga boʻlindi.

 

Ikki sessiya orasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vaziri Hilola Umarova fransiyalik olim bilan muzokara olib bordi.

 

 

“Sizning tajribangiz, iqtisodiyot yoʻlida qilgan ishlaringiz, xususan, Iqtisodiyot maktabini tashkil qilganingiz tahsinga loyiq!” – deydi vazir, olimni eʼtirof etarkan.

 

 

Jan Tirol “Yirik monopol kompaniyalarni boshqarish va tartibga solishning eng samarali usullari” mavzuidagi maʼruzada Google, Meta, Apple, Amazon, Alibaba yoki Tencent kabi kompaniyalar oʻz bozor segmentida ustunlik qilishi bilan bir vaqtda ilmiy-tadqiqot ishlarining asosiy ishtirokchisi hisoblanishi haqida maʼlumot berdi.

 

“Ajablanarlisi, ular oʻzlarining yirik va yakka peshqadamlikka asoslangan faoliyati bilan monopoliyaga qarshi jiddiy tekshiruvni amalga oshiradi” – deya, maʼruza davomida ushbu munozarali jarayonlarda dunyodagi biznes strategiyalarini tushuntirish va tartibga solish boʻyicha oʻz tahlillari haqida gapirib berdi.

 

Ochiq muloqot sessiyasida ilm-fanga, mamlakatning iqtisodiy barqaror farovonligiga befarq boʻlmagan vatandoshlar bilan bir qatorda, AQSH, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston kabi 20 ta davlatdan 160 dan ziyod ishtirokchi qatnashish taklifini bildirgan. Oʻzbekistondan esa qariyb 60 ta taʼlim sohasidagi xalqaro tashkilot rahbarlari hamda 97 ta xorijiy oliygoh vakillari ishtirok etdi. Ochiq muloqot sessiyasini vazir Hilola Umarova ochib berdi:

 

“Bugungi maʼruzada Respublika boʻylab yosh iqtisodchilar va shu yoʻnalishga qiziqqan boshqa yoshlar ham yigʻilganidan bagʻoyatda xursandman. Maʼruzadan oʻzingiz uchun kerakli va foydali bilimlarni olishingizdan, oʻzingizni qiziqtirgan savollarga erkin, ochiq muloqot shaklida javob olishingizga tilakdoshman”.

 

Ochiq maʼruzada olim shaxsiy manfaatlar va ijtimoiy farovonlik oʻrtasidagi muvozanatni tushuntirib, xalq farovonligiga erishish boʻyicha oʻz izlanishlari bilan boʻlishdi:

 

“Iqtisodiyot va boshqa ijtimoiy fanlarning maqsadi dunyoni insonlar uchun qulay yashash makoniga aylantirishga hissa qoʻshishdir. Bu esa avvalo jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, mavjud meʼyorlarni doimiy oʻzgartirib borishni talab etadi. Bozor iqtisodiyoti hozirda deyarli barcha mamlakatlarda ijtimoiy hayotning muhim boʻgʻiniga aylanib bormoqda. Ammo jahondagi iqtisodiy inqiroz va dunyo bozorlarining tez-tez muvaffaqiyatsizlikka uchrashi natijasida davlatlar siyosati ham shunga mos ravishda oʻzgarishda davom etmoqda. Bu parallel muvaffaqiyatsizlik ortidan katta siyosiy shaxslar va umumiy manfaatlar oʻrtasidagi tafovutlar vujudga keladi. Bizning tadqiqotlarimizda shunday vaziyatlarda davlat siyosatini qanday tashkil qilish va zamonaviy davlatni loyihalash masalasi batafsil bayon etilgan” – deydi iqtisodchi.

 

 

Maʼruza yakunida ishtirokchilar, shuningdek, xorijiy taʼlim muassasalaridan kelgan vakillar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Savol-javob qismida qatnashgan ishtirokchilarga Jan Tirolning dastxati tushirilgan kitoblar topshirildi.

 

Jahon iqtisodiy tafakkur elitasiga kirgan Jan Tirol haqida

 

Dunyo tan olgan fransiyalik iqtisodchi Jan Tirol 2014-yilgi Nobel mukofotining Iqtisod yoʻnalishi boʻyicha sovrindori sanaladi. Olim Monopoliyani boshqarish va bozorni tartibga solish sohalaridagi dolzarb muammolarga eng yaxshi yechimlarni ilgari surganligi uchun mazkur mukofot bilan taqdirlangan.

 

Uning “Bozorlar va bozor kuchi: sanoat tashkiloti nazariyasi” nomli asosiy asari 1988-yilda nashr etilgan boʻlib, 26-yildan soʻng shu ishi uchun Nobel qoʻmitasi unga mukofotni topshirgan. Ushbu tadqiqot kompaniyalarning monopolistik xatti-harakatlarini va raqobatni himoya qilish uchun tartibga solish zarurligini tushunishga muhim hissa qoʻshgan. U oʻz kitobida foydani koʻpaytirish mexanizmlari va monopolistik amaliyotlarni, shuningdek, ushbu hodisalarga qarshi kurashish usullarini tahlil qilgan.

 

Olimning ilk faoliyati

 

Jan Tirol 1980-yillardan boshlab, iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida – bankdan to telekommunikatsiya va raqamli platformalargacha monopoliyaga qarshi tartibga solish nazariyasini ishlab chiqqan. Hozirda u jahon iqtisodiy tafakkur elitasiga kirib, Pol Samuyelson, Vasiliy Leontyev, Leonid Kantorovich va Moris Allekabilar qatoridan munosib oʻrin egallagan.

 

Bugungi kunda esa olim Tuluza universiteti professori va sanoatni tashkil etish sohasida dunyoda yetakchi mutaxassislardan biri sanaladi. U oʻz faoliyatida kompaniyalarning oligopolistik bozorlarda oʻzini qanday tutishi va toʻgʻri tartibga solinmagani narxlarning oshishi va raqobatni bostirish kabi salbiy ijtimoiy oqibatlarga olib kelishini tahlil qiladi.

 

Olimning ilmiy faoliyati

 

Tirolning ilmiy faoliyati 100 dan ortiq nashr etilgan asarlarni qamrab oladi, ularning aksariyati Nobel mukofotini olishdan oldin ham mashhur boʻlib ketgan. Uning darsliklari dunyoning koʻplab universitetlarida, jumladan Fransiya, AQSH va Buyuk Britaniyada qoʻllaniladi. Uning iqtisodiyotga qoʻshgan hissasi nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki raqobat siyosati bilan shugʻullanuvchi amaliyotchilar tomonidan ham eʼtirof etiladi.

 

Tirol oʻz ishida monopoliyani suiisteʼmol qilishning oldini olish uchun ehtiyotkorlik bilan tartibga solish zarurligini taʼkidlaydi. Bu ayniqsa zamonaviy texnologiya kompaniyalarining oʻsishi va ularning jahon iqtisodiyotiga taʼsiri sharoitida muhim ahamiyatga ega.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//