Siyosat
O‘zbek tili boy, qadimiy va go‘zal til. Buni har bir yozuvchi, har bitta shoir, mutafakkirlar e’tirof etib o‘tgan. Til millat ko‘zgusi ham. U orqali qadriyat, an’ana, o‘zlik namoyon bo‘ladi.
Chunki bugun zamon tez, g‘oyaviy kurashlar ko‘lami keng. Bunday sharoitda har bir millat o‘z ona tilini asrashi, u orqali o‘zligini himoya qilishi lozim. O‘zbek tilining qadrini oshirish, qaddini yuksaltirish borasida tez-tez gapirilmoqda, biroq hali qiladigan ishlar juda ko‘p. Abdulla Qahhor aytgandek, nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi.
Shu ma’noda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Sof til” nomli bot yaratilgani haqida xabar bergan edik. Botga o‘zbek tilida xato yozilgan so‘zlar, matnlar o‘sha joyning o‘zidan surat va manzillari bilan jo‘natilsa bo‘lgani, mutasaddilar bilan birgalikda xatoliklarni tuzatish ustida ishlanadi.
Albatta, hali bu borada ko‘p natijaga erishganimiz yo‘q, biroq bitta bo‘lsa ham tuzatilgan xato, erta shu so‘zni to‘g‘ri yozish, to‘g‘ri qo‘llash bilan bog‘lanib, savodxonlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, o‘zbek tili masalasida millat mas’uliyatini oshirish ham maqsad qilingan bo‘lib, ona tilida xato bilan yozilgan so‘z oldidan befarq o‘tib ketmaslik ham tilimiz uchun qilingan katta harakatdir.
Quyida yurtdoshlarimiz tomonidan bot.ga yuborilgan 10 ta suratlardagi xatoliklarni ko‘rishingiz mumkin. Eslatib o‘tamiz, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xatoliklarni tuzatish ustida ish olib borilmoqda.
Metrolarda yurganda yozuvlarga bee’tibor bo‘lmaydigan yurtdoshlarimizdan kelgan suratlar:
Hozir bankomatlardan foydalanuvchilar soni ko‘p. Faqat pul emas, o‘zbek tilini o‘ylovchilar tomonidan bankomatlarda chiqadigan xatoliklar surati jo‘natilgan bo‘lib, izohida “Ekobozorda o‘rnatilgan bankomatdagi xato yozuvlar. Lekin bu xatolar hamma bank bankomatlarida bir xil. O‘zbek, ha, yo‘q, rahmat, so‘rovingiz, o‘zgartirish, darhol shaklida yozilishi kerak”, deb ta’kidlagan foydalanuvchi:
Xonadonlarimizga keladigan turli xil ogohlantirish xatlaridagi xatoliklar suratini jo‘natish bilan birga, “nimaga hamon krill alifbosida yozishmoqda?”, degan savollar bilan murojaat qilgan foydalanuvchilarimiz tilimiz taqdiriga befarq emasliklarini ko‘rsatmoqda.
Serial ishqibozlari tomonidan film nomlaridagi xatoliklar ko‘zga tashlanayotgani aytilmoqda.
Peshlavhalar eng tez ko‘zga tashlanadi. Toshkent farmasevtika universiteti nomida yo‘qolib qolgan “T” qayerdaligini foydalanuvchilar so‘ramoqda?
Foydalanuvchilar tomonidan eng ko‘p yuborilgan suratlar shaharlarimiz qiyofasini bezab yoki bejab turgan chet tillaridagi nomlar, reklamalar, daftarlardagi yozuvlardir. “Qaysi yurtda yashayapmiz?” , “Tarjima qilib bering”deya kinoyali izohlar ham qoldirilgan. Qizig‘i, nafaqat shaharlarda, chekka tumanlarda ham chet tilida yozilgan nomlar, reklamalar soni ortib borayotganida. Aslida qonunlarimiz talabiga ko‘ra, reklama matnlari, tashqi yozuvlar davlat tilida yozilishi shart.
Avtobus bekatlari doim hamyurtlarimiz bilan to‘la. Bekat nomlari hammaga ko‘rinarli bo‘lishi uchun katta harflar bilan yoziladi, lekin bu xato bo‘lsa-chi?
Jurnal, gazeta mutolaasi yaxshi, u xatosiz yozilgan bo‘lsa yana ham yaxshi, savodxonlikni ham oshiradi.
Foydalanuvchilarning aksariyati “o‘zbek” so‘zini o‘zbekcha matnlarda xato tarzda “uzbek” deb yozilishini va u eng ko‘zga tashlanadigan joylarda turishini aslo kechirib bo‘lmaydi, deb izoh qoldirgan. Va bu achchiq haqiqatdir.
Biz yashaydigan mahalla, ko‘cha nomlarining xato yozilishi tilimizga qilingan eng katta jarohat bo‘lsa kerak:
“O‘zbek tili bayrami”ga bir necha kun qoldi. Lekin tilimiz taqdiri haqida faqat bayram kunlari emas, har doim, har soatda qayg‘urish lozim. Buni chetdan kelib kimdir qilib bermasligi aniq. Hech bo‘lmasa, o‘zbek tilida xato yozmasak, to‘g‘ri yozishni targ‘ib qilsak, til qoidasini buzayotganlarga befarq bo‘lmasak, shuning o‘zi ham katta ish.
Siz ham ko‘cha-ko‘yda, turli joylarga borganingizda o‘zbek tilida xato yozilgan so‘zni ko‘rsangiz, https://t.me/softil_bot'ga yuboring. Birgina harakatingiz bilan tilimizga, undagi savodxonlikni oshirishga hissa qo‘shishingiz mumkinligini unutmang.
Sitora Barliboyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q