Oʻquvchi oʻqituvchini haqorat qilsa, unga chora koʻriladimi?

Saqlash
11:52 / 14.10.2024 176 0

Hozirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchi va oʻquvchi ishtirokida yuz bergan ziddiyatli holatlar tasvirlangan videoyozuvlarga tez-tez duch kelmoqdamiz. Yangilikmaski, bunday xabarlar tarqalgach vakolatli tashkilotlar tomonidan oʻqituvchilarga chora koʻrgani, ularga hayfsan berilgani yoki ishdan haydalganini zum oʻtmay maʼlum qilinadi.

 

Xoʻsh, tanganing boshqa tarafidan qaralsa-chi? Bunda ham ayb faqat oʻqituvchida boʻladimi? Yaʼni aslida qilgʻilikni oʻquvchining oʻzi qilgan boʻlsa-chi? Qonunchilikda mazkur tomonga qanday tartibda chora koʻrilishi belgilangan?

 

Yurist xizmati kanalining yozishicha, bu masalada Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrugʻiga murojaat qilish lozim. Mazkur hujjatning 1-ilovasida umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari tasdiqlangan.

 

Jumladan, ushbu qoidalarning 15-bandi, uchinchi xatboshiga koʻra, oʻquvchilarning haqorat qilishi va behayo soʻzlarni ishlatishi taʼqiqlangan.

 

Mazkur qoidalarning 30-bandida esa oʻquvchilar ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda ularga quyidagi tartibda choralar koʻrilishi belgilangan:

 

▪️ ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarini ogʻzaki yoki yozma ogohlantirish;

 

▪️ qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda, oʻquvchini muassasa ichki nazorat roʻyxatiga olish;

 

▪️ oʻquvchi bilan vazirlikning 2020-yil 18-dekabrdagi 308-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan yoʻriqnoma asosida shugʻullanish;

 

▪️ ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarini muassasaga taklif qilish, muassasaga biriktirilgan inspektor-psixolog ishtirokida suhbat oʻtkazish;

 

▪️ farzandi tarbiyasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan taʼlim oluvchilarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yigʻiniga maʼlumot yuborish kabi.

 

Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 41-moddasi 1-qismida haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha (7,5 mln soʻmdan 15 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi aytiladi.

 

Maʼmuriy javobgarlikka tortilishda subyektning yoshi 16 dan katta boʻlishini inobatga olgan holda, mazkur kodeksining 47-moddasiga eʼtibor qaratiladi. Ushbu moddada voyaga yetmagan bolalar maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etsa, ularning ota-onasi maʼmuriy javobgarlikka tortilishi qayd etilgan.

 

Xulosa qilinadigan boʻlsa, ushbu vaziyatda oʻqituvchi oʻquvchining ustidan maktab maʼmuriyati yoki maktabga biriktirilgan inspektor-psixologga shikoyat qilishi mumkin.

 

Shunda oʻquvchiga (yoki uning ota-onasiga) maʼmuriy javobgarlik yoxud boshqa taʼsir choralari qoʻllaniladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//