Xorijiy davlatlar oʻzbekistonliklarga 154 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlarini taklif qilmoqda

Saqlash
09:13 / 14.10.2024 322 0

Bugungi kunda Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Ruminiya kabi davlatlarda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qurilish, qishloq xoʻjaligi, yuk avtomobil haydovchisi, payvandlash, elektrik, IT kabi sohalar boʻyicha 154 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari mavjud. Bu haqida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxoʻja Norov 11-oktyabr kuni oʻtkazilgan brifingda maʼlum qildi.

 

Taʼkidlanishicha, birgina Germaniyaning oʻzida 25 ta ish beruvchi tashkilot bilan 60 mingga yaqin fuqaroni tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalariga toʻgʻridan toʻgʻri va Ausbildung (dual taʼlim) asosida ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Ular talabgorlarga oʻrtacha 2100 AQSh dollari miqdorida ish haqi taklif qilinmoqda.

 

Britaniyadan esa tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha 10 ming va mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga 3 ming ish oʻrniga talabnoma olingan. Bunda ish haqi 2500 AQSh dollarni tashkil qiladi.

 

Bundan tashqari, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya va Yevropaning boshqa davlatlariga 26 mingdan ortiq fuqaroni yuk avtomobili haydovchisi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat koʻrsatish sohalariga ishga yuborish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Taklif etilayotgan maosh esa 1400 AQSh dollarni tashkil etadi.

 

Janubiy Koreyaga ham joriy yilda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, qurilish, kemasozlik, togʻ-konchilik va oʻrmonchilik sohasiga 13 700 ish oʻriniga kvota olindi. Bunda oylik ish haqi oʻrtacha 2000 AQSh dollari boʻlib, bu 2022-yilga nisbatan 6 baravar, 2023-yilga nisbatan esa 1,5 baravarga koʻp.

 

Norov ushbu boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha xorijiy tillarni biladigan hamda malakaga ega nomzodlar oʻzlari toʻgʻridan-toʻgʻri yoki mahalladagi hokim yordamchilari orqali murojaat qilishlari mumkinligini aytadi.

 

Agentlik, shuningdek, firibgarlarning tuzogʻiga tushib qolishdan ham ogohlantirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//