Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning ustozlari pul mukofoti bilan taqdirlandi

Saqlash
15:38 / 18.08.2021 1784 0

 

Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari hamda ularning o‘qituvchilari pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, olimpiada g‘oliblari, ularning ustozlari va ota-onalari ishtirok etdi.

Dunyoda tan olingan matematika (IMO), fizika (IphO), kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (122,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravari (110,25 mln. so‘m);

2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (73,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravari (61,25 mln. so‘m);

3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (49 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravari (36,75 mln. so‘m) miqdorida pul mukofoti beriladi.

2021-yilning iyul-avgust oylarida o‘tkazilgan ushbu xalqaro olimpiadalarda o‘zbekistonlik o‘quvchilar jami 10 ta (2020 yilda 6 ta) medal, shu jumladan, 3 ta oltin (2020 yilda 1 ta), 2 ta kumush (2020 yilda 4 ta) va 5 ta bronza (2020 yilda 1 ta) medallari qo‘lga kiritdi.

Jumladan, 25 iyul – 2 avgust kunlari Yaponiya davlatida o‘tkazilgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasida dunyoning 65 davlatidan 260 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasidan quyidagi o‘quvchilar 1 ta oltin va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi:

Sobirjon Amanov– Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal;

Firdavs Sobirov – Buxoro shahri 35-maktab o‘quvchisi, bronza medal;

Durdona Muxtorxo‘jaeva – Ibn Sino maktabi o‘quvchisi, bronza medal;

Ikromiddin Boymahammadov – Ibn Sino maktabi o‘quvchisi bronza medal.

14-24 iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan 62-Xalqaro matematika olimpiadasida dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o‘quvchi qatnashib, O‘zbekiston delegatsiyasidan:

Diyorbek Tolipov – Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani

5-ixtisoslashgan matematika maktabi o‘quvchisi kumush medal;

Olimjon Olimov – Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: yurtimiz o‘quvchilari mazkur olimpiadada so‘nggi bor 2017-yilda kumush medalni qo‘lga kiritgan.

18-23 iyul kunlari Portugaliyada bo‘lib o‘tgan 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoning 76 davlatidan 304 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin va 1 ta kumush medallarini qo‘lga kiritdi:

Xumoyun Norbekov – Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal;

Aziza Abduvalieva – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal;

Yorqinbek Turdiboev – Navoiy viloyati Navoiy shahri

11-ixtisoslashgan kimyo-biologiya maktabi o‘quvchisi, kumush medal.

Ma’lumot uchun: 2020-yilda yurtimiz jamoasi a’zolari mazkur olimpiadada 1 ta oltin va 2 ta kumush medallarni qo‘lga kiritgan.

17-24-iyul kunlari Litvada o‘tkazilgan 51-Xalqaro fizika olimpiadasida dunyoning 73 davlatidan 365 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasidan Toshkent shahridagi 71-maktab o‘quvchisi Rail Xashaev bronza medal bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston tarixida fizika xalqaro olimpiadasidagi ikkinchi medal, maktab o‘quvchisining ilk medali.

Yuqoridagi nomlari keltirilgan nufuzli xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Bundan tashqari, mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda ham o‘quvchilarimiz munosib ishtirok etib, 31 ta medalni (2 ta oltin, 14 ta kumush, 15 ta bronza) qo‘lga kiritdi.

55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida ishtirok etgan

7 nafar o‘quvchimizning barchasi g‘olib deb topilib, 28 ta davlat o‘quvchilari orasida 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallarini olishga muvaffaq bo‘ldi;

17 – Xalqaro Jautikov olimpiadasida o‘quvchilarimiz 13 ta medal – 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 10 ta bronza medal;

6 – Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida o‘quvchilarimiz 5 ta medal – 4 ta kumush va 1 ta bronza medal;

27 – Xalqaro matematika musobaqasida o‘quvchilarimiz yakka tartibdagi olimpiadlarda 6 ta medal – 4 ta kumush va 2 ta bronza, jamoaviy bahslarda kichik yoshlilar jamoasi 3-o‘rin (4 ta bronza medal), katta yoshlilar jamoasi 2-o‘rinni (4 ta kumush medal) qo‘lga kiritdi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari B.Musaev ishtirok etdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//