Qirg‘iziston O‘zbekiston sabab go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi

Saqlash
14:02 / 03.10.2024 381 0

Qirg‘izistonda go‘sht narxining keskin ko‘tarilishi ushbu mahsulotlarning O‘zbekistonga eksporti ortishi bilan bog‘lanmoqda. Shu sababli mamlakatda go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilindi. O‘zbekiston ichki bozorda narxi o‘sishi fonida go‘sht mahsulotlari importini oshirgandi.

 

Qirg‘izistonda O‘zbekistonga eksport qilinishi tufayli go‘sht keskin qimmatlashdi, deb yozdi “Akchabar” Qirg‘iziston Antimonopoliya xizmatiga tayanib.

 

Sentabr oyida Qirg‘iziston bozorlarida go‘sht narxining keskin o‘sishi kuzatildi, bu iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga soldi, deb yozdi nashr. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust va sentabr oylarida mol go‘shti narxi 6,76 foizga oshgan.

 

Avvaliga tashkilot narxlarning oshishiga sentabrdagi an’anaviy to‘y mavsumi va ozuqa yetishmasligi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Biroq hozirda Antimonopoliya xizmati vakillarining qayd etishicha, O‘zbekiston va Tojikistonga go‘sht eksportining sezilarli darajada oshgani asosiy omil bo‘lgan.

 

“Hozirda katta hajmdagi go‘sht O‘zbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga javoban respublikadan go‘sht olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qildi”, – degan Antimonopoliya xizmatining tartibga solinadigan sohalar bo‘limi boshlig‘i Sirgak Omorov Akchabar nashriga.

 

Go‘sht eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq o‘tgan hafta bekor qilindi. Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Antimonopoliya xizmatining birgalikdagi faoliyati natijasida narxlar pasaytirilgan. Agar sentabr oyi boshida o‘sish deyarli 100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir narxlar avvalgi darajasiga qaytdi, deyiladi xizmat xabarida.

 

Bo‘lim mutaxassislari tomonidan bozorlar monitoringi olib borilmoqda, savdogarlar va go‘sht sotuvchilar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.

 

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston Qirg‘izistondan 11,9 million dollarlik 61 ming donadan ortiq tirik qoramol olib o‘tilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 barobar ko‘p (6,4 million dollarga 12,8 ming dona).

 

2023-yilda O‘zbekiston 28,3 million dollarga 101,3 ming bosh chorva mol import qilgan, bu 2022-yilga (16,9 million dollarga 20 mingdan ortiq) nisbatan 5 barobar ko‘p.

 

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida qoramol go‘shtining umumiy importi 206,9 million dollarga yetib, 58,4 ming tonnani tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davri ko‘rsatkichidan (144.6 million dollarga 34,6 ming tonna) 1,5 barobar ko‘p.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//