“Hokim boʻlish xayolimga ham kelmagan edi” – Jahongir Ortiqxoʻjayev

Saqlash
14:55 / 22.12.2021 791 0

Toshkent yoshlar forumi – 2021 tantanali yopilish marosimida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev yoshlarga murojaat qildi.

 

– Zavod, fabrika qurib, soʻz sanʼatidan uzoqroq boʻlibman. Hokim boʻlish xayolimga ham kelmagan edi, shuning uchun gapga unchalik usta emasman, – deya soʻzini boshladi J.Ortiqxoʻjayev hamda forumning koʻlami va ahamiyatiga toʻxtalib, unda qoʻshni mamlakatlardan ham yoshlar ishtirok etganini taʼkidladi. Xususan, Qozogʻiston Respublikasidan 31ta yoshlar yetakchisi tashrif buyurgan.

 

– Bugun taqdimotda namoyish etilgan barcha ishlar amalga oshiriladi. Yoshlarga berilgan har bir soʻz nuqta verguligacha bajariladi. Prezidentimiz bajarilmay qolishiga yoʻl qoʻymaydi, – dedi hokim.

 

Shuningdek, Ortiqxoʻjayev Yoshlar forumini tashkil etishda koʻmaklashgan Prezident administratsiyasi, Yoshlar Ittifoqi hamda xorijiy davlatlar elchilariga oʻz minnatdorligini bildirdi.

 

– Oʻziga ishongan insongina vatan kelajagiga ishonib yashaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda har narsadan nolib, norozilik bildiradigan odamlar oʻziga ishonmaydi. Biz bu forum orqali yoshlarda oʻziga va vataniga ishonch uygʻotishga harakat qildik. Agar vaʼda berilgan ishlarning qaysidir qismini bajara olmagan boʻlsak, barchaning koʻz oʻngida yoshlardan kechirim soʻrayman. Kelajakda sizning koʻmagingiz bilan Toshkentni gullatib-yashnatamiz, – deya oʻz soʻziga yakun yasadi Jahongir Ortiqxoʻjayev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//