Oʻktam Barnoyevning ukasi Romitan tumani hokimi etib tayinlandi

Saqlash
09:30 / 22.12.2021 1060 0

Umedjon Barnoyev 22-dekabr kuni Romitan tumani hokimi etib tayinlandi, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.

 

Maʼlum qilinishicha, Xalq deputatlari Romitan tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Botir Zaripov bu haqda tegishli qarorni oʻqib eshittirgan. Qarorga koʻra, tumanga 2019-yildan beri hokimlik qilib kelayotgan Xurshid Tohirov boshqa masʼul lavozimga tayinlanishi sababli lavozimidan ozod etilgan.

 

Umedjon Barnoyev 1970-yil 12-iyulda Romitan tumanida tugʻilgan. 1996-yilda Buxoro Oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi (hozirgi Buxoro muhandislik-texnologiya) institutini hamda 2000-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi – muhandis-mexanik, huquqshunos.

 

Mehnat faoliyatini 1998-yilda Buxoro viloyati Adliya boshqarmasida sud ijrochisi sifatida boshlagan. Keyinchalik boshqarmaning ariza va shikoyatlar boʻyicha katta maslahatchisi, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish boʻlimi bosh maslahatchisi (1998-2004) lavozimlarida ishlagan.

 

2004-2005-yillarda Respublika Adliya vazirligi huzuridagi sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy taʼminlash departamenti Toshkent shahar hududiy boʻlimi katta mutaxassisi, 2-darajali yuristi, 2004-2013-yillarda Toshkent shahar prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

 

Shuningdek, «Oʻzpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati yuridik boshqarmasi huquqshunos maslahatchisi (2018), masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Safari Vogue innovatsion turizm klasteri direktor oʻrinbosari (2018-2020), mazkur MCHJ innovatsion turizm klasteri bosh direktori (2020) lavozimlarida ishlagan.

 

Tayinlovga qadar Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

 

Umedjon Barnoyev 2016-2020-yillarda Buxoro viloyati hokimi boʻlib ishlagan, 2020-yil 20-sentyabrida koronavirus oqibatida vafot etgan Oʻktam Barnoyevning ukasidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//