Madaniyat
Toshkent shahrida yangi o‘quv-eksperimental teatr faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Art house Hamsa” deya nomlangan yangi teatr barcha san’at turlarini o‘zida jamlagan bo‘lib, unda dunyo va o‘zbek dramaturgiyasining eng sara asarlari, folklor namunalari yangicha talqinda sahnalashtiriladi. Gender masalalari, ayolning oila va jamiyatdagi o‘rni, urush va yovuzliklarga qarshilik, inson ruhiyatidagi evrilishlar kabi mavzular spektakllarning asosiy g‘oyasini tashkil etadi.
Teatr badiiy rahbari rejissyor, dramaturg va aktyor Sayfiddin Meliyev. Tomoshabinlar spektakllarda Ilmira Rahimjonova, Gulxumor Abdullayeva, Feruza Saidova, Jamila G‘ofurova, Xurshida Arabshoyeva, Yulduz Rajabova, Dilshoda Jo‘rayeva, Jo‘rabek Arziyev, O‘lmas O‘rayev, Rahmatjon Abduqodirov, Aslbek Eshonov, Davronbek Kaunbayev, Elmurod Shodiyev, Umid Xolmatovlar ijrosidan bahramand bo‘lish mumkin.
Shuningdek, teatr qoshida bolalar uchun “aktyorlik mahorati” kurslari tashkil etilgan. Mashg‘ulotlarni teatrning yetakchi aktrisasi Ilmira Rahimjonova olib boradi. Kurslarda teatr jamoasi bilan amaliy mashg‘ulotlar uyushtiriladi.
Ta’kidlanishicha, teatr jamoasi asosan kino aktyorlaridan iborat. Ular yil davomida boshqa turli loyihalarda suratga tushishadi. “Art house Hamsa” mana shu tajribalarning mahsuli, yangi davr ijodiy tendetsiyalariga mos ijod uyi bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, teatr jamoasi turli madaniyat maskanlarida ham ijodiy kechalar tashkil qilib boradi. Misol uchun, “Abudqosim” madrasasidagi “Oila” nomli sahnalashtirilgan musiqiy dastur, “Human House” ijod uyida o‘tkazilgan “Biz yurgan oydin kechalar” musiqiy-adabiy kecha shular jumlasidan.
Shu kunlarda art-dekor yo‘nalishidagi “Qizil olma” spektakli premyerasi bilan teatrning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Spektakl yozuvchi Chingiz Aytmatovning birinchi qirg‘iz balerinasi Bibisora Beyshenaliyevaga bo‘lgan o‘tli muhabbati haqida bo‘lib, adibning shu nomli hikoyasi va “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” asaridagi biografik chizgilar asosida yaratilgan. Shuningdek, spektaklda Ilmira Oblakulovaning “Tahrir qilinmagan maktublar” kitobidagi ikki buyuk ijodkorning o‘zaro maktublari motivlaridan ham foydalanilgan.
Spektaklda rollarni Ilmira Rahimjonova, Rahmatjon Qodirjonov, Xurshida Arabshoyeva va Umid Xolmatovlar ijro etishgan. Rejissyor Sayfiddin Meliyev. Qalblarda qayta tug‘iladigan ilk ishq va ilk tuyg‘u tomoshasi bo‘lgan "Qizil olma" haqida premeraga tashrif buyurgan tomoshabinlar turli xil fikrlarni bildirishdi.
Erkin A’zam, O‘zbekiston xalq yozuvchisi: Asar haqida bitta gapni aytish mumkin: Shunday spektakllar qo‘yiladigan bo‘lsa, bu teatr birinchi (raqamli – tahr.) teatr bo‘ladi. Manbalardan foydalanishgani haqida gapirishdi, lekin nazarimda, spektakl ijodkorlari ulardan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanmagan, ta’sirlanilgan chog‘i. Chunki spektaklga mustaqil bir asar deb qaradim. Bu asar muhabbat haqida, toza, kechikkan muhabbat haqida. Unda ortiqcha drama ham yo‘q aslida, o‘sha Odam Ato bilan Momo Havodan boshlangan mojaro. Bu o‘xshashi yo‘q asar, unda ifodalangan tuyg‘u umr nihoyasidagi so‘niq muhabbatga o‘xshaydi, ammo, aslida u juda porloq ishq haqida hikoya qiladi. Menga tomosha benihoya yoqdi, teatr rejissyori hamda aktyorlarga katta rahmat.
Dildora Rustamova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi: Har qanday teatrga hayot bag‘ishlovchi, umrining boqiyligini ta’minlab beruvchilar uning aktyorlari hisoblanadi. “Art house Hamsa”da professional aktyorlar jamlangan ekan, ularning ijrosidan bugun juda katta zavq oldim. Kichkina maydonchada butun boshli asarning tuyg‘ularini tomoshabinlar qalbiga yetkazib bera olishdi. Juda katta zavq va tuyg‘ularni olish mumkin asardan. Shu bois bu spektaklni butun dunyo ko‘rishi, his qilishi kerak, deb hisoblayman.
Guljamol Asqarova, shoira: Spektakllarda kimnidir kashf qilamiz doim, men bugun balerina rolini o‘ynagan aktrisa – Xurshida Arabshoyevani kashf qildim o‘zimga. U obraz ruhiyatini deyarli to‘liq ochib beroldi. Rejissyor Sayfiddin Meliyev asari orqali bugungi globallashyotgan dunyoda ayolni faqat sevish, avaylash kerakligini isbotlab beroldi, deya olaman. Spektaklni ko‘rgan har qanday ayol Bibisoradek sevilsaydim, degan xayolda chiqib ketishi kerak deb o‘ylayman. Har qanday spektakl 100 % yaxshi bo‘lishi qiyin masala. Shu bois kamchiliklar aktyorlarning o‘z ustida ishlashi va vaqt yordamida bartaraf qilinishiga umid qilaman.
Sevdo Niyozova, jurnalist: Teatr – xos san’at. U hech qachon ommaviy bo‘lolmagan. Shu ma’noda bugungi spektaklni hammayam tushunmasligi, qabul qilolmasligi mumkin. Lekin bitta narsani aytamanki, muhabbat haqida chiroyli asar bo‘lgan. Tomoshadan keyin sevging keladi, qadrlaging keladi, yoningdagi odam haqida o‘ylashni boshlaysan. Asar boshlanishidan avval Chingiz Aytmatov asarlari asosida deyildi, lekin shuning o‘rniga yozuvchi asarlaridan ilhomlanib deyilishi kerak, nazarimda. Chunki Aytmatov asarlaridagi ikki qahramongagina murojaat qilingan, shu bois ilhomlanilgan deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Spektaklda ikki professional aktrisaning tajribasi, iste’dodi ikki yigitni yetaklab ketganini ko‘rdik. Shunday bo‘lsa-da ijodkorlarga omad tilayman.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q